7 noyabr kuni Bangladeshning Hazrat Shohjalol aeroportidan soat 10:30 da Uzbekistan Air maxsus samolyoti orqali 239 nafar bangladeshlik mehnat migranti Qarshidagi injiniring kompaniyasida ishlash uchun olib kelingan. Ular «O‘zbekneftegaz» AJ va Uzbekistan GTL tomonidan amalga oshirilayotgan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasiga jalb etilgan.

The Daily Star nashrining yozishicha, Bangladeshning O‘zbekistondagi yangi elchisi Jahangir Alam 888 nafar malakali ishchi-xizmatchi ketma-ket uchta reysda olib kelinishini ma’lum qilgan. Elchi, shuningdek, xorij mehnat bozori mutaxassislarining O‘zbekistonga jalb etilishini ijobiy baholashini ta’kidlagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyev mazkur holatga munosabat bildirdi.

«Bu xabarni o‘qib xayron qolmaslikning iloji yo‘q.Pandemiya natijasida mamlakatimizda ishsizlar soni oshib borib, aholi daromadlari tushib ketayotgan, o‘zimizning Rossiyadan qaytgan qorako‘z migrantlarimiz ish topishga qiynalib yurgan bir paytda shuncha bangladeshliklarning O‘zbekistonga kelib, o‘zimiznikilarning rizqini qirqishi qanchalik to‘g‘ri bo‘larkin?» — dedi deputat.

U, shuningdek, «Nahot, tashrif buyuradigan bangladeshliklarning barchasi yuqori malakali noyob mutaxassislar bo‘lib, bizning mutaxassislarimiz ular bajara oladigan yumushni eplay olishmasa??? Ayniqsa hozirgi murakkab paytda O‘zbekistondagi proteksionizm faqatgina ayrim monopol korxonalar uchungina emas, oddiy xalq uchun foyda keltirib xizmat qilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi», — deya qo‘shimcha qildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ham mazkur masala yuzasidan bayonot berdi.

Bayonotda prezidentning tegishli qarori bilan «O‘zbekneftegaz» AJ va Uzbekistan GTL MCHJ buyurtmalari asosida xorijiy mutaxassislarni o‘rnatilgan tartibda jalb qilinishi ko‘zda tutilgani qayd etilgan. Lekin bu jarayon hukumatning 2019 yil 25 martdagi «O‘zbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq xorijiy fuqarolar O‘zbekiston hududida ishlash uchun tasdiqnomalar olishi orqali amalga oshirilishi aytib o‘tilgan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, chet el fuqarosiga O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiya agentligiga murojaat qilish lozim.

«Lekin shu kungacha „O‘zbekneftegaz“ AJ, Uzbekistan GTL yoki loyiha bosh pudratchisi, ENTER Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi mazkur tasdiqnomani olish uchun murojaat qilmagan», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik mazkur loyihani amalga oshirish doirasida talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlariga mahalliy ishchilarni jalb etish hamda ularni kasbga qayta tayyorlashda hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan.