Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov davlatga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazganlikda ayblanmoqda

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19,6 ming kv. metr yer maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Hokim bir vaqtning o‘zida deputat bo‘lganligi bois Andijon viloyati prokuraturasi uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Xalq depututlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritdi.

Qozog‘istondagi mitinglar sabab 14 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi

Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlarning 18 nafarini xorij fuqarolari, shu jumladan 14 nafarini o‘zbekistonlik tashkil etmoqda, deb xabar berdi Qozog‘iston ombudsmani.

O‘zbekiston o‘z fuqarolari hibsga olingani sababli Qozog‘istonga nota yubordi

O‘zbekistonning Nur-Sultondagi elchixonasi yanvar oyidagi tartibsizliklardan keyin O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olinishi munosabati bilan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi.

Alisher Usmonov singlisining Shveysariya bankidagi mablag‘lari haqidagi xabar yolg‘onligi ma’lum qilindi

Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisobraqamlarida 2004 yildan beri 5,8 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘lar bo‘lganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, deb xabar bermoqda tadbirkorning matbuot xizmati.

Deputatlar mehnat migrantlariga imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi

Qonunchilik palatasi tomonidan migrantlarga oid yangi qonun ma’qullandi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Qonunda shuningdek, mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytganlarning reintegratsiyasi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev martda Pokistonga borishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida Pokistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Qolaversa, martdan Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.

O‘zbekiston yanvar oyida eksport hajmini ikki baravarga oshirdi

Yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 3,49 mlrd dollarni (import — 2,09 mlrd, eksport — 1,399 mlrd dollar) tashkil etdi. Bunda oltin eksporti hajmi ikki baravarga oshdi va 586,6 mln dollarlik qimmatbaho metall sotildi. 2021 yilda oltin eksport qilinmagan edi.

Toshkentning barcha tumanlarida boshqaruv kompaniyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Prezident yil yakunigacha boshqaruv kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatishni Toshkentning barcha xizmat sifati past tumanlarida joriy etishni topshirdi. Xizmatlaridan aholi rozi bo‘lgan shirkatlar va uy-joyni bevosita boshqaruvchilar bundan mustasno. Boshqaruv kompaniyalari tajribasi ijobiy baholandi.

Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi tashkil etildi

Prezident qarori bilan Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, IIV Tezkor-qidiruv departamentida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi. Yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlar xatlovdan o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Global yashil o‘sish institutining vakolatxonasi ochildi

Institut Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda umumiy qiymati 5,65 mln dollarlik Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga qaratilgan loyihani amalga oshirishni boshlab yubordi.

O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida sel kelish xavfi e’lon qilindi

23−25 fevral kunlari Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim xududlarida sel kelishi xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.

«Navoiy-Moskva» reysi yo‘lovchilariga uchish joyi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berildi

Aviareys yo‘lovchilarini chalg‘itish bilan bog‘liq yana bir holat Qarshida sodir bo‘ldi. Moskvaga uchish uchun aeroportga 150 ga yaqin odam yetib keldi, biroq, uchib ketish joyi Navoiy bo‘lib chiqdi. Yo‘lovchilar jo‘nab ketish joyigacha taksida o‘z hisobidan borishiga to‘g‘ri keldi. Chiptalar onlayn xarid qilingandi.

Qashqadaryoda fuqaroni $4 ming evaziga Milliy Gvardiyaga ishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Qashqadaryoda fuqaroni 4 ming dollar evaziga Milliy gvardiyaga noqonuniy tarzda ishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda. Buxorodagi holatda esa fuqaro boshqa bir fuqaroni ishga kirishida yuqori lavozimdagi tanishlari orqali yordam berishini aytib, 1500 dollar olganlikda gumon qilinmoqda.

Yana ikki sud raisi lavozimidan ozod etildi

Odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni buzganligi uchun JIB Namangan shahar sudining raisi Baxtiyor Tavakkalov hamda Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Kamoliddin Xolmuxamedov muddatidan avval ishdan bo‘shatildi.

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligining vazifalari belgilab berildi

Turizm va sport vazirligi ikkiga ajratilishi farmonda turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini tubdan oshirish va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, shuningdek, aholini sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda sportchilarni Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga puxta tayyorlash zaruriyati bilan izohlanadi. Shu bilan sport sohasida davlat siyosatini yurituvchi organ oltinchi marta qayta tashkil etilmoqda.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Chet eldan avtomobil sotib olish endi qanchaga tushadi?

«Gazeta.uz» bojxona bojining pasaytirilishi O‘zbekistonga import qilinayotgan avtomobillar narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini hisoblab chiqdi. Taqqoslash uchun jadval.