Fuqarolarga Telegram messenjeri orqali havolalar yuborib, ularning bank kartalaridan pul yechish bilan shug‘ullangan yigit ushlandi. Bu haqda IIVning Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi 39 yoshli B.R. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 11 mln 719 ming so‘m pul noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani aniqlangan.

“Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan yigit internet foydalanuvchilariga Telegram orqali turli xil mazmunidagi xabarni (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali undagi pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (Qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib o‘g‘irilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qonunga muvofiq, bunday jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.