Gruziya parlamenti ommaviy noroziliklarga qaramay, “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini uchinchi va yakuniy o‘qishda ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Rustavi 2” telekanali.

Qonun loyihasini 84 deputat qo‘llab-quvvatladi, 30 nafari qarshi ovoz berdi. Hujjat 20 foizdan ko‘proq mablag‘ni xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlari va OAVni “xorijiy davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi.

Endi qonun loyihasi imzolash uchun Gruziya prezidenti Salome Zurabishviliga yuboriladi, u qonunga veto qo‘yishga va’da bergan, biroq hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi uni bekor qilish uchun yetarli ovozga ega.

14-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hujjat muhokamasi payti “Gruziya orzusi” partiyasi deputatlari va muxolifat vakillari o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Shuningdek, ertalabdan parlament binosi oldida norozilik namoyishi boshlandi.

Qonun loyihasi qabul qilingandan so‘ng namoyishchilar parlamentga asosiy kiraverishdagi himoya metall qalqonlarini sindirdi. Maxsus kuchlar namoyishchilarni qo‘lga olishni boshladi.

  • Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi bor parlament muhokamasiga taqdim etgandi. Loyiha 2023-yilning fevralida ko‘rib chiqilgan, biroq noroziliklar tufayli qaytarib olingan edi. Muxolifat vakillari va mahalliy OAV Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshashligi uchun hujjatni “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun” deb ataydi. Ularning ta’kidlashicha, qonun loyihasi Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini izdan chiqarishga urinishdir.
  • Qonun loyihasiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari deyarli bir oydan beri davom etmoqda. Namoyishlarning asosiy shiori “Yevropaga — ha. Rossiya qonunlariga — yo‘q”. G‘arb davlatlari ham Gruziya rasmiylarini tanqid qilgan. Dekabr oyida Gruziyaga nomzod maqomini bergan YeI bu hujjat blokning qadriyatlariga “mos kelmasligini” ma’lum qilgandi.