Xalqaro moliya korporatsiyasi Sturgeon Emerging Opportunities yangi venchur fondiga 5 million dollargacha investitsiya kiritadi. U rivojlanayotgan bozorlardagi yirik venchur investor Sturgeon Capital tomonidan boshqariladi, deb xabar qildi IFC matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Investitsiyalar texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Sturgeon Emerging Opportunities fintex, kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun biznes platformalar (business-to-business), agrotexnologiyalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Jamg‘arma yangi boshlayotgan tadbirkorlarga o‘z bizneslarini kengaytirish, faoliyat samaradorligini oshirish va uzoq muddatli ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi”, — deyiladi xabarda.

Fond asosan Markaziy Osiyodagi loyihalarga investitsiya kiritishdan tashqari, Misr va Pokiston kabi boshqa rivojlanayotgan bozorlarda ham ishlash niyatida. Sturgeon Capital hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mamlakatlardagi IT-startaplar bozori 2030-yilga borib yiliga 300 million dollarga yaqin raqamli daromad keltirishi mumkin. Biroq bu mamlakatlardagi startaplar hozirda o‘z mahsulotlari va xizmatlarini ishga tushirish va kengaytirish uchun kapital to‘plashda qiynalmoqda, deyiladi xabarda.

Sturgeon kompaniyasiga investitsiyalar IFC`ning “Startaplar katalizatori” dasturining bir qismi bo‘lib, u rivojlanayotgan bozorlardagi inkubatorlar, akseleratorlar va fondlarga investitsiyalar kiritish yo‘li bilan past baholangan venchur kapital ekotizimlaridagi moliyaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan. Dastur yuqori riskli bozorlarni, jumladan, dunyoning eng qashshoq va zaif mamlakatlarini qamrab oladi. 2016-yilda ishga tushirilgandan buyon dastur 21 fondga investitsiya kiritish orqali 24 mamlakatda 2800 dan ortiq tadbirkorni, jumladan, 700 nafar ayolni qo‘llab-quvvatladi.