O‘zbekistonning 14 ta chekka tumani va 1 shahrida IT-shaharchalar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 10 mingga yaqin yoshlar IT, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni bepul o‘rganadi. Dushanba kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va sohada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan taqdimotda shular haqida so‘z bordi.

Gap Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahri haqida ketmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, hozirda IT-xizmatlar va eksportning asosiy ulushi soha mutaxassislarining 80 foizi yashaydigan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini ta’kidladi.

“Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu — malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo‘lda yoshlarga qanot bo‘ladigan, zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan tizim bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

akt, it-park, it-shaharchalar

Tadbirda IT-startap tanlovlarining shaffofligini oshirish va loyiha natijalari asosida grantlar ajratish zarurligi muhokama qilindi. IT-park doirasida IT ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishi startaplari o‘rtasida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan sovrin uchun tanlov o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasi ham taqdim etildi. Tizim iste’molchilarga 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, 14 dan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir joyda yig‘ish va avtomatik ravishda taqsimlash imkonini beradi.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda IT-kompaniyalar soni 2000 ga yaqinlashmoqda (2017-yilda — 150 dan kam), ularda 30 ming kishi ishlaydi. 70 mingdan ortiq yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanadi.

Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o‘sgan, 200 million dollarlik eksport qilingan, 5 mingta ish o‘rni yaratilgan.