Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar va ayrim bolalar oromgohlari egalariga soliq imtiyozlari berildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish QQSdan ozod qilinadi.

Soliq qo‘mitasi bu “mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni xomashyo resurslari bilan ta’minlash va ularning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, turizmni rivojlantirish maqsadida” amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, касаба uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi 2026-yil 1-yanvargacha foyda solig‘idan ozod qilinadi.

“Turizm to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, ushbu dam olish uylari va dam olish zonalari joylashtirish vositalari sifatida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.