UNICEF va Kiberxavfsizlik markazi Xavfsiz internet milliy markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu onlayn-platformada internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanish haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi, bolalar va ota-onalarga maslahat yoki ko‘mak bera oladigan operator faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan bloger, Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Telegram`dagi guruhlardan birida davlat rahbarlarini haqoratlovchi video e’lon qilganligi aytildi. Bloger ushbu harakatlarini mast holatda takroran sodir etgan.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Respublika maxsus komissiyasining faoliyati qonun bilan tartibga solinganini aytdi. Qolaversa, uning qarorlari nima sababdan e’lon qilinmasligiga izoh berdi. «Komissiya qarorlarida yozilgan hamma narsani berib bo‘lmasdi. Eng asosiysi komissiyadagi qoidalar vaqtida yetkazib turildi», — dedi u. Bloger Otabek Bakirov esa «maxsus komissiya tugatilishi va qonunchilikka qaytilishi» kerakligini aytmoqda.
O‘zbekistonda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning jami 280 140 nafari koronavirusga qarshi to‘liq vaksina kursini olgan. Bu umumiy emlanishlarning 5 foizini tashkil qiladi.
Adliya vaziri uch marta suiqasd uyushtirilgan Yunusoboddagi daraxtlar muammosi yuzasidan fikr bildirib, moratoriyga barcha amal qilishi shartligini aytdi. «Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom… Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Bunga Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ulligi, qolaversa, prokuratura organlari ham nazorat o‘rnatishi lozimligi qo‘shimcha qilindi.
Dushanba kuni O‘zbekistonda 773 nafar kishida koronavirus aniqlandi. Bu avvalgi kunga nisbatan 59 nafarga kam. Pnevmoniyaga chalinganlar soni ham kamaymoqda. Virus qurbonlari esa kecha yana 2 nafarga ortdi.
7 fevraldan an’anaviy ta’lim bosqichma-bosqich boshlangach, hududlardan poytaxtga 36 738 nafar talaba yetib keldi. Ularning qariyb yarmi ijara uylariga, 27 foizi talabalar yotoqxonasiga, 23 foizi esa yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.
2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi 119 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Ularning aksariyati hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora «oldi-berdi"si bilan bog‘liq.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Shirin shahrida tajriba tariqasida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi maqomi bekor qilinmoqda. «30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi… Bir umrlik orzuyim shu», — dedi Boyovut hokimi Dilfuza Uralova. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishlovchi deputat va senatorlar faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, ularga oylik maosh to‘lanadi. Endi hokim o‘ziga emas, balki kengash oldida hisobot beradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora olganlikda gumonlanmoqda. U sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish uchun 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Sudyalar oliy kengashi uni javobgarlikka tortishga rozilik berdi.
Yagona imtihon markazi «Avtotest» singari monopoliya emasliginini aytgan Ruslanbek Davletov, 1 martga qadar to‘lov muddati uzaytirilgan kontraktlar, «Qizilqumsement» ni bozor narxidan arzonroqqa sotgan hukumat, TikTok`ni bloklash samara bermasligini aytgan adliya vaziri, tadbirkorlarni ogohlantirgan Toshkent hokimi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 7 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Adliya vaziri dushanba kungi matbuot anjumanida rahbarlar o‘zini hududi yoki sohasini begi emasligi, balki ular xalqning yollanma ishchisi ekanligini ta’kidladi. «U yollanma ishchi, biz ham yollanma ishchimiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlarida ish vaqti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani davlat xizmatining jozibadorligiga ta’sir qilayotganini tanqid qildi. «Shuning uchun ham aqlli odamlar kelmayapti davlat xizmatiga», — dedi u.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazi «Avtotest» singari monopoliya emasligini, qolaversa, litsenziyani qurilish bitganidan keyin olish ham mumkinligini aytdi. «Agarda qaysi hududda shu talablarga mos ravishda xususiy sektordan tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi», — dedi u.
OTM talabalari va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining 1-semestr o‘qishi uchun kontrakt miqdorini to‘lashning so‘nggi muddati 2022-yilning 1-marti etib belgilandi.
ATTO transport kartasini to‘ldirish uchun navbatda turib qolmasligingizni ta’minlash uchun «Gazeta.uz» info-kiosklar va mobil ilovalar orqali transport kartasi balansini qanday to‘ldirish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etadi.
Hafta boshida O‘zbekistonga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi evaziga ayrim joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Payshanbadan esa Eron hududlaridan juda iliq havo kirib keladi va kunlar isiy boshlaydi. Hafta davomida kechasi va ertalab tuman tushadi.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov TikTok`ni bloklash haqidagi takliflarga munosabat bildirib, axborotning erkin tarqalishi tarafdori ekanini, TikTok`ni bloklash texnik jihatdan juda qiyin masala ekanini aytdi. «TikTok`dan boshqa joyda yomon kontent yo‘qmi, internetga kirsangiz, boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi?», — degan vazir.
O‘zbekistondan Novosibirskka uchib ketayotganida bagajida dron aniqlangani uchun qo‘lga olingan rossiyalik trevel-bloger Maksim Limar uy qamog‘idan ozod etildi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, u ayni vaqtda vatanga qaytib ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Shuningdek, Quyi Chirchiq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimjonov Oqqo‘rg‘on tumaniga hokim etib tayinlandi.
Toshkentda 59-raqamli avtobus yengil avtomobil siqib ketishi natijasida yo‘l chetiga chiqib ketgan va ustunga borib urilgan. YTH oqibatida 2 kishi yengil jarohat olgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting