Ranglar insonning emotsional ahvolidan darak beradi. Feruza Shodjonova shu kunlarda yorqin, kayfiyatni ko‘taruvchi ranglar shaydosi — bunga u to‘qigan etagi sariq, shlyapasi siyohrang va ko‘ylagi yashil qo‘g‘irchoqlar guvoh. Bolaligida o‘zi ko‘rmagan tog‘larning suratini solishni yoqtirgan 44 yoshli suhbatdoshimiz, rassom bo‘la olmaganini hisobga olmasa, boshqa deyarli barcha orzulariga erishayotgani, hayotdan nolimasligini aytadi.

Aslida uning kasb borasidagi orzusi ham ma’lum ma’noda ushalgan — palitra o‘rniga iplar, mo‘yqalam o‘rniga “kryuchok” va “spitsa” bilan bir vaqtlar asosan oq va qora ranglardan iborat bo‘lgan hayotiga musavvir kabi turfa jilolar berolgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Iroda” — sinovlarga boy hayoti haqida hikoyasi bor, ammo o‘zi haqida gap ketganida birinchi galda boshqalardan farqli jihatlariga emas, balki uning ham inson ekanligiga, qobiliyatu salohiyatiga e’tibor qaratilishini istovchi vatandoshlarning kechmishlari berib boriladigan loyihadir. Unda o‘z hayot hikoyasi bilan bo‘lishmoqchi bo‘lganlar Telegram’da @Iroda_loyihaBot orqali bog‘lanishi mumkin.

Tashxis

Labzaklik Muxtabar ayaning uch farzandidan ikki to‘ng‘ichi — katta qizi Muhabbat va o‘rtanchasi Feruzaga dunyo bo‘yicha har 6−10 ming bolaning birida uchraydigan orqa mushak atrofiyasi (SMA)ning Verdnig-Goffman turi tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlarning: “Qizlaringizning zehniyati o‘ta yuqori — bu borada tashvishga tushmasangiz ham bo‘ladi”, degan gapidan Muxtabar aya biroz ovungan bo‘lsa-da, bu kamyob kasallik bilan farzandlarining uzoq yashash ehtimoli kamligini bilib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Shunday og‘ir damda begonalar qolib, qon-qarindoshlardan birining: “Hali yoshsiz, bu bolalarni topshirib yuboring”, degan gapi esa hammasidan oshib tushgan. “Bolalarim o‘zini eplashga qiynaladi, deb ularni internatga topshirishga-da ikkilanib turgan vaqtim odamlar qanday qilib boladan voz kechish haqida gapirganiga aqlim bovar qilmaydi”, — deb alam bilan qiyinchilik damlarini yodga oladi ona.

Muxtabar aya o‘zim qancha yashasam ham, bolalarim qancha yashasa ham ularga o‘zim qarab, o‘zim bilim berib, o‘zim davolataman deb bel bog‘laydi. Qizlari maktab yoshiga yetganida uyga qatnab dars o‘tadigan o‘qituvchi ajratishlarini so‘rab, xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qiladi. Ular onani bir maktabga yuboradi, u maktab esa boshqa bir maktabga behuda ovora qilib jo‘natadi. “Pulini ham to‘lashga roziman” desa-da, “o‘zi kadr kam” deb, maktablar o‘qituvchi ajratmaydi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Oxiri 65-maktabga yuborishdi. Ahvolimni tushuntirdim — ikki qizim nogiron, doimiy qarovga muhtoj, shuning uchun uyga o‘qituvchi olmoqchiman, harflarni, yozuv-chizuvni o‘rgatsa kifoya, dedim. Ayolning dardini ayol tushunmagan bir vaqtda erkak direktorning: „Hujjatlarni olib ketavering, men o‘zim harakat qilib beraman“, degan gapidan qanchalik quvonganimni tasavvur qilolmaysiz”, deya eslaydi Muxtabar aya.

65-maktab direktori va’dasida turib, bir haftadan so‘ng Muxtabar ayaning xonadoniga matematika, rus va hatto fransuz tili o‘qituvchilarini yuborgan. Ayaning o‘rtancha qizi Feruza: “Nima, biz Fransiyaga borarmidik, fransuz tili bizga nega kerak?!”, deya juda hayratlangan. Qizlarning har ikkisi o‘ta qiziquvchan, ilmga chanqoq edi; ustozlari: “Butun bir sinf o‘quvchilarim orasida bunday tirishqoqlar yo‘q”, deb qizlarini ko‘p maqtaganini Muxtabar aya shirin xotira bilan eslaydi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Muhabbat bilan Feruza bir-biriga juda o‘xshar, asosiy farqi — to‘ng‘ich qiz odamlarning gap-so‘zini ichiga yutib, xonasidan chiqmas, ikkinchisi esa, aksincha, ko‘chaga chiqib o‘ynashni yoqtirar, kimdir xafa qilgudek bo‘lsa, adabini berishdan ham qaytmas, bir so‘z bilan aytganda — hayotga tashna edi.

O‘rni kelganda. Feruza Shodjonova shahardagi infratuzilma, binolardan foydalanish barcha uchun, avvalo, nogironligi bor shaxslar uchun qulay va moslashtirilgan bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Xizmatlar ko‘rsatiladigan barcha muassasalar qonunchilikda belgilanganidek pandus va liftlar bilan ta’minlansa, trotuarlar aravachalarda harakatlanish uchun to‘la moslashtirilsa, jamoat transporti va uning infratuzilmasi belgilangan talablarga muvofiq holga keltirilsa, Feruza opa va u kabi nogironligi bo‘lgan shaxslar bajonidil ko‘chalarga chiqqan, erkin harakatlangan bo‘lardi. Bu kabi imkoniyatlar “so‘rab olinishi” kerak emas, mas’ullar bu boradagi muammolarni ko‘rmaganlikka olishni bas qilishi lozim.

Afsuski, Muhabbat 15 yoshga to‘lar-to‘lmas hayotdan ko‘z yumgan. Ulg‘aygunicha ota-onasiga xastaligi haqida bir og‘iz savol bermagan, hayotdan shikoyat qilishni yoqtirmaydigan Feruza esa bir deganda ham opasi, ham dugonasi, ham sinfdoshi va sirdoshidan ayrilgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Muxtabar ayaning eslashicha, Feruza opa bu ayriliqdan ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yurgan, opasining narsalari turadigan shkafni ochishga ancha vaqtgacha qo‘li bormagan. Bu yo‘qotishni yengib o‘tishda unga sevimli mashg‘uloti — to‘qish malham bo‘lgan.

Malham

To‘qish Feruza opaning hayotiga maktab dasturi bilan birga kirib kelgan — Muxtabar ayaning qizlariga to‘qishni ular uyda yolg‘iz o‘zi zerikmasin deya rus tili o‘qituvchisi Valentina Pavlovna o‘rgatgandi. Har qanday ish bilan muntazam shug‘ullanaversang, uning sir-asrorlarini — masalan, to‘qishda kiyimlar qattiq, o‘yinchoqlar esa yumshoq ipdan yaxshiroq chiqishini bilib borasan. Feruza opa ancha usta to‘quvchi bo‘lib, bu ish bilan muntazam shug‘ullana boshlaganiga 18 yil bo‘lgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Bir to‘p momiq ipni turfa kiyim-kechak yo o‘yinchoqqa aylantirish imkonini beruvchi jarayon asosan uch jufti faol, qolgan ikkitasi esa biroz dangasaroq barmoqlar valsiga o‘xshaydi. Opaning tushuntirishicha, bir dona yumshoq o‘yinchoqni bitirib, tayyor qilish uchun barmoqlar taxminan bir oycha shunday “raqs"ga tushishi kerak.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

U dastlab asosan qarindoshlari uchun narsalar to‘qib bergan bo‘lsa, hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali buyurtmalar ham oladi: bir oyda uch-to‘rtta buyurtma tushadi, masalan, qishda talab asosan qalin kiyimlarga bo‘ladi. Unga rang-barang ip va to‘qish anjomlarini onasi yetkazib beradi — toki qizi sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanib, zavq olsin. Natijada qizdan ko‘ra ona ko‘proq zavq olayotgandek ko‘rinadi — Muxtabar aya qizi o‘z mehnati bilan topgan daromadiga qimmatbaho aravacha sotib olganini xuddi o‘zining muvaffaqiyatidek zo‘r bir faxr bilan hikoya qilib beradi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Feruza opa odatda kechasi, sokin payt ishga kirishadi va soatlab shu jarayon bilan band bo‘ladi. “Bunga sabringiz qanday chidaydi, yuragingiz siqilib ketmaydimi?”, degan savolga javob berarkan, bu unga xuddi tinchlantiruvchidek ta’sir qilishi, o‘y-fikrlarini saranjomlashga imkon berishini aytadi.

“Eng yaxshi davr”

Qancha yashashdan ko‘ra qanday yashash muhimroq, deb hisoblaydi Feruza Shodjonova. Bolaligidan intiluvchan va yangilikka tashna emasmi, avvaliga to‘quvchilik kurslariga qatnab, bor bilimini mustahkamlab, bilmaganlarini o‘rgangan. “Odam o‘rganganini, bilimini boshqalar bilan bo‘lishishi kerak” — bu ham opaning hayotiy qoidalaridan biri. Shu bois keyinchalik o‘zi ustoz sifatida ikki kurs shogird ham tayyorladi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Nogironligi borlarga bilganlarimni o‘rgatdim. Natijasi yomon bo‘lmadi, shekilli — uch oy davom etgan kurslarda 20 ga yaqin kishi hunarli bo‘ldi. Hozir ular ham buyurtma olib, o‘zini-o‘zi ta’minlayapti, ko‘p bo‘lmasa-da daromad qilyapti, ko‘rgazmalarga chiqayotganlari ham bor”, — deydi u.

Ko‘rgazmalar deganga — uning o‘zi ham to‘qigan kiyimlari, yasagan o‘yinchog‘u qo‘g‘irchoqlarini ko‘rgazmalarga olib chiqadi. Shuncha hunarmandlar turganida odamlar uning ishlariga alohida e’tibor va qiziqish bildirayotgani, yangi tanishlar orttirish imkoniyati borligi, xususan, xorijliklar bilan muloqot qilish mumkinligi uchun ko‘rgazmalarni yaxshi ko‘radi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Har yakshanba otasi uni o‘z mashinasida san’at studiyasiga olib boradi. “U yerda o‘zim singari o‘rtoqlarim ko‘p. Birga sahnaga chiqamiz, ular bilan suhbatlashsam, ko‘nglim yoziladi. Ustozlarim Saodat Sobirjonova, Samandar Bozorovdan san’at sir-asrorlarini o‘rganish ham yoqadi”, — deydi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Hunarmand Feruza opa ijtimoiylasha olgani, bundan o‘zini yaxshi his qilayotgani uchun hayotining hozirgi davrini bolaligidan ham yaxshiroq deb hisoblaydi. Uning har qanday insonga avvalo shaxs deb qarash lozimligi, barchaga teng imkoniyatlar taqdim etilsa, istalgan odam o‘z salohiyatini to‘la namoyon qila olishi haqidagi fikrlariga qo‘shilmaslik mumkin emas. Zotan, uning o‘zi bunga zo‘r misol.