2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi tomonidan 119 korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Ichki ishlar vazirligida o‘tgan anjumanda bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p ekani qayd etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2021 yilda tushgan jami besh mingga yaqin murojaatning 7 foizi aynan ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan norozilikni aks ettirgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda ichki ishlar organlarining 46 nafar xodimi korrupsiyaviy jinoyati uchun javobgarlikka tortilgan.

2021 yilda esa bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravarga ortib, 89 nafar xodim tomonidan 119 shu turdagi jinoyat sodir etilgan.

Shundan:

  • 47 tasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish),
  • 18 tasi 209 (mansab soxtakorligi) va 211-moddalari (pora berish),
  • 14 tasi 168-moddasi (firibgarlik),
  • 13 tasi 210-moddasi (pora olish),
  • qolgan 9 tasi boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarning huquq-tartibot idoralari faoliyatini o‘rganish maqsadida aholi o‘rtasida anonim tarzda so‘rov o‘tkazilgan.

Unda 5 ming 883 nafar fuqaro va 4067 nafar ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etgan. So‘rovnomada huquq-tartibot idoralaridagi korrupsiyaviy holatlarning sabablari o‘rganilgan.

«Anjumanda ularning har biri atroflicha tahlil qilindi, shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni ishlab chiqish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi», deyiladi xabarda.