Butun dunyoda Xavfsiz internet kuni nishonlanuvchi 8 fevral kunida UNICEF va Ichki ishlar Vazirligining Kiberxavfsizlik markazi bolalarni onlayn zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida hamkorlikni boshladi, deb xabar berdi “Gazeta.uz"ga UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

“Internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va axborot olishdagi tengsizlikni qisqartitish barcha bolalar va yoshlar muvaffaqiyatga erishishlari uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni yegallashlari uchun juda muhimdir. Afsuski, barcha afzalliklariga qaramay, Internet onlayn suiiste’mol, ekspluatatsiya va noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish bilan ham bog‘liq. Shu bois ham onlayn, ham real hayotda zo‘ravonlikka qarshi kurashning eng yaxshi yo‘li bu masalalarni hal qilishda tizimli yondashuvdir”, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalasini hal etish uchun ota-onalarning bilim va ko‘nikmalarini yaxshilas, bolalarning xabardorligini oshirishni, ijtimoiy xizmatlar va bolalarni himoya qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini takomillashtirish hamda kuchli qonunchilikni hamda institutsional bazani, jumladan ma’lumotlarni to‘plash va boshqarish tizimini talab qiladi”, — deya ta’kidladi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

“Hozirgi globallashuv asrida yoshlarning dunyoqarashi kun sayin o‘zgarib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri ularning zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan faol foydalanishi, dunyoda ro‘y berayotgan yangiliklar, voqea-hodisalardan tez xabardor bo‘lishi bilan ham izohlanadi. Shu nuqtai nazardan, aholisining katta qismini yoshlar tashkil etuvchi mamlakatimizda ularga nisbatan kibertahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Ichki ishlar vazirligi Kiberxafsizlik markazi boshlig‘i Bexzod Mamadjanov.

Internetda va real hayotda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha kelgusidagi qadamlar sifatida ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni yaxshilash, fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faol ishtirokinini, ota-onalar va mutaxassislarning bolalarni qo‘llab-quvvatlash va onlayn tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha xabardorligini oshirishni tavsiya qildilar.

UNICEF va Kiberxavfsizlik markazi Xavfsiz internet milliy markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi jamg‘arma ofisi “Gazeta.uz"ga. Ushbu onlayn-platformada internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanish haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi. Platforma qoshida 24 soat davomida bolalar va ota-onalarga maslahat yoki ko‘mak bera oladigan operator faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, internetda uchraydigan bolalarga xatarlar to‘g‘risida Telegram-bot orqali xabar jo‘natish imkoniyati paydo bo‘ladi.

UNICEFning ta’kidlashicha, jahon miqyosidagi ma’lumotlarga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi va har yarim soniyada bir bola birinchi marotaba internet tizimiga kiradi. Biroq bu imkoniyatlar bolalar uchun turli shakllardagi jiddiy xavf va tahdid bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kiber qo‘rqitish, kiber ta’qib qilish, kibergruming, ya’ni yomon niyatda bolalar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish shular jumlasiga kiradi.