Dushanba kuni OAV oldidagi hisobot vaqtida adliya vaziri Ruslanbek Davletov koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining faoliyati qonuniyligi hamda uning qarorlari nima sababdan e’lon qilinmasligiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Avvalroq, bloger Otabek Bakirov tashkil etilganiga 2 yildan oshgan Maxsus komissiya garchi vakolatlari na qonunlarda, na Konstitutsiyada ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida iqtisodiyot, ijtimoiy hayot, harakatlanish va inson huquqlarini cheklash, tartibga solish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirib kelayotganini tanqid qilgandi.

«Maxsus komissiyani tashkil etish bo‘yicha farmoyishda uning bu bo‘yicha vakolat va ayniqsa javobgarligi ko‘rsatilmagan. Dunyo tajribasiga qarasak, biron bir davlat bunday gibrid strukturani yaratgani yo‘q, pandemiya va postpademiya davrida barcha masalalar qonunlar bo‘yicha mas’uliyat, mandat va vakolatlarga ega hukumat tarafidan amalga oshirib borilmoqda. Shu ma’noda Maxsus komissiyani tugatish vaqti yetib kelmadimikan?», — deb yozgandi u.

Qolaversa, bloger «2 yildan buyon bizning hayotimizga aralashib, cheklab, tartibga solib kelayotgan komissiyaning qarorlari» imzolangan, raqamlangan, ro‘yxatga olingan va reyestrga solingan holda biror bir baza yoki platformada saqlanganini so‘roq ostiga olgandi.

Vazir jurnalistlar bilan uchrashuvda shu masalaga haqida fikr bildirib, bu borada «juda ko‘p javob berilganini» ta’kidladi.

«Maxsus komissiyaning vakolatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun hujjatida yozilgan. Qonun osti yoki boshqa emas. Bu Aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonunda yozilgan. O‘sha qonunda yozilgan: cheklovchi, karantin nimadan iborat bo‘lishi mumkin, qanday amalga oshiriladi, kim amalga oshiradi, Vazirlar Mahkamasining vakolati bor, hokimliklarni vakolati bor, 31 moddasida yozilgan», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga o‘xshagan komissiya 2000 yilda ham bo‘lgan.

«2000 yilda Vazirlar Mahkamasining umumiy epidemiologiya bo‘yicha komissiyasi bo‘lgan. Oldin ham huddi shundayn vakolatlari bo‘lgan, u paytda hech kim gapirmagan. Chunki hukumat bu tizimni boshqarishi kerak. Hokimliklarni karantin kiritish huquqi bor. Mana shu qonunda yozilgan. Endi qonunda yozilgan narsani hech kim inkor qilmasa kerak», — deya ta’kidladi Ruslanbek Davletov.

Ta’kidlanishicha, komissiyaning qarorlari normativ-hujjat hisoblanmaydi.

«Komissiyani qabul qilayotgan hujjatlari normativ-huquqiy hujjat emas, bilib qo‘yinglar shuni. Oldin ham aytganmiz buni. Bu karantin belgilaydigan, SES qabul qiladigan hujjatlarning ko‘rinishi. SESni talablari ham normativ-huquqiy hujjatga kirmaydi. To‘g‘ri, normativ talablari bor, ya’ni odamlarni xatti-harakatiga ularni bir joydan ikkinchi joyga yurishiga cheklovlar belgilaydi. Bu cheklovlar belgilash huquqi bevosita qonunda yozilgan. Cheklov kiritish mumkin, butun dunyo, hamma davlat kiritdi. Biz ham kiritdik, komissiyaning shunga to‘liq huquqi bor. Bu borada hech qanaqa masala bo‘masligi kerak», — dedi vazir.

«Hozir hammamiz o‘tirib tanqid qilishga mardmiz, lekin, 2020 yil martdagi ahvolimizni bir tasavvur qilinglar, butun dunyo qanday depressiyaga tushib qolgandi. Nima harakat qilishni, nima bu balo ekanligini bilmaganmiz-ku. Shuning uchun u yerda mobilizatsiya, xavfsizlik, chegara bilan bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p asosiy masalalarni komissiya hal qilgan», — dedi u.

Qolaversa, vazir maxsus komissiya qabul qilayotgan hujjatlar nima sababdan jamoatchilikka e’lon qilinmayotganini aytdi.

«Biz qonunchilikda ham iloji boricha asosiy masalalarni, umummajburiy bo‘lgan, hamma aholiga taalluqli bo‘lgan normalarni shu [Telegram] kanallar orqali berib borishni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu protokollarini hammasi Vazirlar Mahkamasida o‘zini ichki tartibiga asosan, belgilangan reglamentiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan, raqamlangan va tegishli joyda saqlanayapti. Shuning uchun chop etilmagan. To‘g‘ri, bu tanqid qilindi, biz tanqid deb qabul qildik. Lekin u yerda [qarorlarda] yozilgan hamma narsani berib bo‘lmas edi. Eng asosiysi komissiyadagi qoidalar, aholiga tegishli bo‘lgan umummajburiy hamma axborot vaqtida yetkazib turildi», — dedi Adliya vazirligi rahbari.

U shuningdek, kamchiliklar bo‘lganini ham tan oldi. «Hech kim buni inkor etmaydi. Hammayoqda kamchiliklar bo‘ldi. Buyuk Britaniyada hozirgacha politsiyani haqqi yo‘q edi, mashinamni jarimaga qo‘ydi, deb sudlashishadi. Huddi o‘zimizga o‘xshagan. Buyuk Britaniyada 300 yillik qonun ustuvorligi qadriyatlari bor. Ya’ni bu holat insoniyat tarixida noodatiy hol bo‘ldi. Hech kim kamchiliklar yo‘q deb aytmaydi, faqat buni sizga to‘g‘ri tushuntirishga harakat qilayapman», — dedi Ruslanbek Davletov.

Matbuot anjumanidan so‘ng, bloger Otabek Bakirov yana bir bor o‘zining e’tirozlarini bildirdi.

«Mazkur qonun aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonunda sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha biron komissiya, vaqtinchalik komissiya yo maxsus komissiya bo‘yicha biron havola yo‘q. Ha, Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda cheklovchi tadbirlar (karantin) belgilanishi mumkin. Cheklovchi tadbirlarni joriy etuvchi organ sifatida Vazirlar Mahkamasi ko‘rsatilgan. Ya’ni qonunda Maxsus komissiya emas», — dedi u.

«Maxsus komissiya tugatilsin va qonunchilikka qaytilsin. Cheklovchi tadbirlar, agar zarurat bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilsin. Har bir qaror Hukumat qarori sifatida rasmiylashtirilsin. Chunki Hukumatning qaroridagina, agar u rasman qabul qilinsa va rasman ochiqlansa — mas’uliyat va javobgarlik bo‘ladi», — deya ta’kidladi Otabek Bakirov.

«Maxsus komissiyaning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga umuman aloqasi yo‘q, iqtisodiy, ijtimoiy va hatto imtiyozlar taqdim etish bilan bog‘liq qarorlarini yana bir marta keltirib o‘tirmaymiz», — deya qo‘shimcha qildi bloger.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 30 iyunida «Gazeta.uz» «Karantin cheklovlari bormi yoki yo‘qmi?» nomli maqolani e’lon qilgandi.

Unda koronavirus tarqalishi sababli 28 iyundan karantin cheklovlari kuchaytirilgani, lekin ommaviy tadbirlarni ushbu cheklovlarga amal qilmagan holda tashkillashtirish davom etayotgani, jamoat transportida ularga rioya qilishning esa iloji yo‘qligi tanqid qilingandi.

Qolaversa, maxsus komissiyaning o‘zi hozirgacha barcha qarorlari e’lon qilinadigan va xronogolik tartibda saqlanadigan rasmiy sayt ochgani yo‘qligi qayd etilgandi. Hozirgacha komissiyaning qarorlari turli idoralar tomonidan va turli manbalarda, shu jumladan Telegram messenjerida e’lon qilib kelinmoqda.

Yana bir holat. 2 fevral kuni SSV komissiyaning 7 fevraldan OTMlarda o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishi haqidagi xabarini e’lon qildi. Biroq, 3 fevral kuniyoq OTMlar 24 fevralgacha bosqichlarga qarab talabalarni oflayn qabul qilishi haqida xabar tarqatdi. Bu o‘z-o‘zidan talabalar va ularning ota-onalari o‘rtasida tushunmovchilikni yuzaga keltirdi.

Shundan so‘nggina, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi OTMlarda o‘quv jarayonlari 7 fevraldan 24 fevralga qadar bosqichma-bosqich ana’naviy shaklga o‘tkazilishini rasman e’lon qildi.