Dushanba kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov jurnalist va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv vaqtida davlat organ va tashkilotlarida ish rejimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid ostiga oldi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Ko‘p ishlash muammosi juda ko‘p jamiyatlarda bor. Masalan, Koreyada ko‘p ishlab rahbarlarni oldida o‘zini ko‘rsatish submadaniyati, muhiti shakllangan. Qolma, ket deydi, lekin shunda ham ketmaydi-da. O‘zimni sadoqatimni isbotlash uchun o‘tirishim kerak deydi. Bizda unaqamas. Ket desangiz, darrov ketishga tayyor», — dedi u.

Vazir so‘zi davomida o‘z tizimidagi mehnat qonunchiligiga amalga qilishni misol qilib ko‘rsatdi.

«Adliya vazirligida (xizmat) kompyuterlarni ish yakunida avtomatik ravishda o‘chirtirilmoqda. Ushbu amaliyot xodimlarning ishdan tashqari vaqtda ishxonada qolmasligi uchun tatbiq etilmoqda. Shunda ham iltimos qilishadi-da, o‘zimiz ishlamoqchimiz, yangiliklar qilmoqchimiz, deyishadi. Men ruxsat beraman. Lekin, qonun ishlamasa befoyda», — dedi Ruslanbek Davletov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p ishlash — tizimdagi juda katta muammoga aylangan, quyi va o‘rta bo‘g‘inlarda xodimlarning ish soatlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani esa davlat xizmatining jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. «Shuning uchun ham aqqlli odamlar kelmayapti davlat xizmatiga, juda kamdan kam holatda (kelishadi)», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu o‘rinda vazir uning so‘zlarini «kontekstdan yulib olib», targ‘ib qimaslikni so‘radi.

Qolaversa, huquqshunos mehnat qonunchiligiga rioya qilmayotgan hokimlarni tanqid qildi.

«Ma’muriy islohotlar bo‘yicha taklif so‘raganda, ayrim hokimlar bizni tanqid qilib, bu adliya tizimidagilar faqat 8 soat ishlaydi, boshqa ish qilmaydi, deydi. Ko‘rayapsizlarmi, 8 soat ishlashi kerak, o‘zi qonun bo‘yicha. Ayrim rahbarlarni qadriyatlari qanday? Konstitutsiyada yozilgan mehnat huquqi bo‘lsa, Mehnat kodeksida yozilgan normalar bo‘lsa, 8 soat ishlashni tanqid sifatida majlislarda gapirish qanaqa qoloqlikdan iborat bo‘lgan hodisa. Bugungi (kunda) bo‘layotgan juda yomon holatlarning ko‘rinishi bu», — dedi Ruslanbek Davletov.

«Har doim aytamiz, hududlardagi yoki sohadagi rahbarlar o‘zini shu soha yoki hududini begi emas, balki o‘zi xalqning yollanma ishchisi ekanini tan olsa, umuman qadamlari o‘zgaradi. Ya’ni u yollanma ishchi, biz ham yollanma ishchimiz», — dedi u.

Vazir so‘zi yakunida «qonundan hech kim ustun bo‘lolmasligini» qo‘shimcha qildi.