Dushanba kuni adliya vaziri Ruslanbek Davletov jurnalistlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda Yunusoboddagi uch marta suiqasd uyushtirilgan daraxtlar muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Yer ustida daraxti bilan sotilishi mumkin. Bunga hech qanaqa qonunchilik nuqtai nazaridan cheklovlar yo‘q. Lekin, baribir moratoriy turganidan keyin, prezidentni bunga haq-huquqi bor, [moratoriy] kiritgan. Tegish mumkin emas. Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz. Davlatimiz, ekologiya organlari buni yaxshilab, nazorat qilib, kim shu ishni qilsa, unga jazo muqarrarligini ta’minlashi kerak», — dedi u.

Vazir so‘nggi yillarda daraxtlar kesilishi mavzusi dolzarb tus olayotganini, 3 yil oldin bunga hech kim e’tibor qaratmaganini ta’kidladi.

«3 yil oldin bunga hech kim e’tibor qilmasdi. O‘sha paytda rossa ko‘p [daraxt] kesilardi, 3 yil oldin bunga qaraganda 10 baravar ko‘p edi. Mana bu jamiyatda rezonans bo‘lganidan keyin kamayyapti. Hozir bitta daraxt kesilsa ham, biz hammamiz dod deyapsiz, jamiyat sifatida biz ham ulg‘ayyapmiz. Ya’ni, daraxtni mohiyatini, kerakligini hamma tushunib yetayapmiz. 3 yil oldin hamma tushunib yetmasdi, bo‘pti bu ikkinchi darajali masala deyardi. Shuning uchun har bitta vaziyatga katta voqeaday e’tibor qilinayapti», — dedi Ruslanbek Davletov.

U shuningdek, mazkur mojaroni nazorat va hal qilish qaysi tashkilot zimmasida ekanligini ham aytib o‘tdi.

«Eng asosiy bu sohani egasi Davlat ekologiya qo‘mitasi. Yangi raisi [daraxtlarni] bittasi kesilsa ham yoniga borib, o‘zi nazorat qilishga harakat qilayapti. Ekologiya qo‘mitasida 12 minga odam ishlaydi. Qattiq boshqarsa bo‘ladi. Endi yangi rahbari ishini yaxshi boshqarsa, 12 ming odam bilan yaxshi ishlar qilsa bo‘ladi. Prokuratura nazorati bor bu yerda», — dedi vazir.

Bundan tashqari, mazkur vaziyatda tadbirkor qanday harakat qilishi mumkinligi haqida ham fikr bildirildi.

«Muammo shundan iboratki, daraxtlar kesilmaydi, tamom. Daraxt yo‘q joyda o‘zining shaharsozlik faoliyatini olib borsin. Agar hamma joyi daraxt bo‘lsa, chiroyli park qurib, uni pulli qilib, daromad topsin. Men sizga huquqshunos sifatida aytaman, bu yerda [tadbirkorning] hech qanaqa huquqi poymol bo‘lmaydi. Chunki, marotoriy turibdi, hamma rioya qilishi shart. Boshqa istisno yo‘q. Bu yerda huquq buzilmayapti, bu yerda manfaatlar to‘qnashayapti. Manfaatlar to‘qnashaversin, hammani manfaati bor», — dedi Ruslanbek Davletov.

«Hozir hamma qonunni bekor qilib tashlaylik, hamma mazza qilib, ko‘chaga chiqib, urra-urra qilamiz, — deya misol keltirdi adliya vaziri. — Menga ham yoqmaydigan qonunlar ko‘p. Masalan, meni manfaatlarimga zid bo‘lgan qonunlar juda ko‘p. Lekin, hamma, jamiyat shu qonunlarni qabul qilganidan keyin bizga yoqsa, yoqmasa, o‘zizga qulay qonunlarga rioya qilmaysiz. Birinchi o‘rinda, noqulay qonunlarga rioya qilish kerak, shunda tartib bo‘ladi».

Eslatib o‘tamiz, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida (xarita) joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik.

Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.

Ekologlar aralashuvi bilan daraxt tagiga to‘kilgan qorishmalar Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tozalab olindi. Voqea joyiga Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov ham bordi. Ekologiya qo‘mitasi, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda 24 soat nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Bunga qadar, dekabr oyi o‘rtalarida 10 tupi noma’lum shaxslar tomonidan yarmigacha arralab ketilgan edi. Ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun ularning tanasidagi jarohatlarni davolab, yopishdi va ularni raqamlashdi.

Qolaversa, jamoatchilik vakillarining qarshiligiga qaramasdan 10 yanvarga o‘tar kechasi niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashlashdi. Agar odamlar arra ovozini eshitib, chiqib qolmaganida ko‘proq daraxtlar nobud bo‘lishi mumkin edi.

Ma’lumot o‘rnida, daraxtlarni kesishga urinishlar ularni kesishga doir moratoriy etilgan davrda sodir etilmoqda. Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi. O‘zbekistonda 1 martdan esa «Yashil yillik» umummilliy tadbiri boshlanadi.

Toshkent shahar hokimligi hozirga qadar ushbu bahsli yer uchastkasi yuzasidan izoh bermadi.