2 fevral kuni Buxorodan Novosibirskka uchayotganida bagajida uchuvchisiz uchish qurilmasi — kvadrokopter aniqlangani sababli uy qamog‘iga olingan rossiyalik bloger Maksim Limar ozod etildi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar bermoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, Maksim Limar ayni vaqtda uy qamog‘idan ozod etilgan va 9 fevral kuni Novosibirskka qaytib ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Rossiya elchixonasi «ushbu masalani tezkor hal etishda yordam bergani uchun» O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, dron vaqtinchalik saqlovga olingan, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Rossiyalik bloger Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganida bagajida kvadrokopter topilgani sababli uy qamog‘ida saqlanayotgani haqida xabar bergan edik. Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi ushbu holat bo‘yicha ekspertiza tayinlangani, blogerga nisbatan erkin yashashi uchun hech qanday cheklov o‘rnatilmaganligini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekistonda 2015 yil 1 yanvardan boshlab uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangan edi, Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan holatlargina bundan mustasno. Dronlardan foydalanishga ruxsatni faqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari idoraga doir vazifalarni bajarish uchun olishlari mumkin.

2018 yilning yozida O‘zbekistondagi madaniy-tarixiy yodgorliklar, tabiat boyliklarini targ‘ib qilish maqsadida chet el ijodiy guruhlariga O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlari, jumladan dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berildi. Yangi tartibda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishni xohlagan ijodiy guruhlar Davlat turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligiga ijodiy guruh va tasvirga olish joylari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda O‘zbekiston hududiga ularni vaqtincha olib kirish va foydalanishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilishlari lozimligi belgilangandi.