3 fevral kuni Xorazm viloyati Xazorasp tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi bloger Sobirjon Boboniyozovni 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha qaror chiqargan. U O‘zbekistonning birinchi prezidenti hamda amaldagi prezidentni haqorat qilganlikda ayblangan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari Ezgulik jamiyati NNT rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

«Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 31 yoshli bloger Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi „Bloggerlar birlashmasi“ nomli guruhga a’zo bo‘lib, mazkur guruhda O‘zbekiston Respublikasining sobiq prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqoratlovchi va faoliyatini obro‘sizlantiruvchi mazmunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri video materiallar e’lon qilgan», — deyiladi Tashanov postida.

«O‘tgan yilning 21 aprelidagi sud-lingivistik ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mazkur materiallar O‘zbekiston Respublikasi JKning 158-moddasi 3-qismida (prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikni ifodalaydi», deb yozadi Tashanov.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, bloger mazkur harakatlarini og‘irlashtiruvchi, ya’ni mast holatda takroran sodir etgan.

Ushbu jinoyatlarni qilganlikda aybdor deb topilgan Sobirjon Boboniyozov sud hukmi bilan 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Xazorasp tumanining Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi bloger jazoni manzil koloniyada o‘tashi aytildi.

Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismiga 2021 yil mart oyida kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishga muvofiq, O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda uni haqoratlash yoki unga tuhmat qilish olti oygacha qamoq yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xorazm viloyat sudining matbuot kotibi «Gazeta.uz»ga bergan xabariga ko‘ra, ayblanuvchi 20 kun davomida sud qarori bo‘yicha apellyatsiyaga berish huquqiga ega. Shu sababli, viloyat sudi hukm qonuniy kuchga kirgach, ma’lumot berishini ta’kidladi.

2021 yil aprel oyida Jizzax viloyati prokuraturasi bloger Valijon Kalonov (1969 yilda tug‘ilgan) YouTube va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka noto‘g‘ri talqin qilib, davlat rahbarining obro‘siga putr yetkazish va kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatib kelgani va holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Abdurahmon Tashanovning yozishicha, Kalonov keyinchalik sud tibbiyot ekspertizasi tomonidan aqliy nosog‘lom deb topilgan. Samarqand shahridagi 1-sonli psixiatriya shifoxonasiga majburiy davolash uchun yuborilgan.