2022 yil boshiga kelib Toshkent shahridagi jamoat transporti yo‘lovchilarining deyarli 50 foizi naqdsiz yo‘lkira tariflariga o‘tdi, deya xabar berdi ATTO avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi operatori. 1 dekabrdan boshlab esa metro faqat kartalar yoki bir martalik chiptalarni qabul qila boshladi. Yo‘nalishli taksilarda ham kartalar qabul qilina boshlandi.

Transport kartalariga talab ortib borayotganiga qaramay, ba’zi foydalanuvchilar o‘z balanslarini to‘ldirishda muammolarga duch kelishmoqda. Tig‘iz soatlarda metro kassalari va ATTO kartalari sotiladigan kiosklarda katta navbatlar yuzaga kelmoqda. Shu munosabat bilan balansni mustaqil ravishda tezda to‘ldirishning turli usullari mavjud. «Gazeta.uz» navbatlarda turmaslik va vaqtni tejash uchun nima qilish mumkinligi to‘g‘risida hikoya qiladi.

ATTO kartasini info-kiosk orqali to‘ldirish

Eng yaqin info-kiosk orqali transport kartasi balansini tezda to‘ldirishingiz mumkin. Infokiosklar xaritasi atto.uz sayti va ATTO.Uz ilovasida (PlayMarket va AppStore, «Kiosklar» bo‘limi) mavjud.

Xizmat ko‘rsatish tilini tanlagandan so‘ng, «Xizmatlar uchun to‘lov» bo‘limiga o‘ting va ekrandagi operatorlar ro‘yxatidan «ATTO kartasini to‘ldirish» bandini tanlang.

So‘ngra old tomonda ko‘rsatilgan transport kartasining raqamini kiriting.

So‘ng to‘lov usulini tanlang: naqd pul yoki UzCard. Ko‘pgina infokiosklar faqat naqd pulni qabul qiladi.

Naqd to‘lash. So‘rovdan so‘ng, pul qabul qiluvchiga kerakli miqdordagi mablag‘ni kiriting va «To‘lash» tugmasini bosing.

UzCard orqali to‘lash. Kartangizni karta kiritiladigan joyga joylashtiring va PIN kodni kiriting. Hisobni to‘ldirish miqdorini belgilang va «To‘lash» tugmasini bosing. To‘lovni amalga oshirgandan so‘ng, bank kartangizni olishni unutmang.

Ikkala holatda ham pul hech qanday komissiyasiz darhol ATTO kartasiga o‘tkaziladi.

Click orqali ATTO kartasini to‘ldirish

«To‘lov» sahifasini oching va operatorlar ro‘yxatiga ATTO ni kiriting.


ATTO belgisini bosgandan so‘ng, transport kartasining raqamini kiriting va «Davom etish» tugmasini bosing.


So‘ng ekranda kartaga o‘tkazmoqchi bo‘lgan mablag‘ miqdorini kiriting va yana «Davom etish» tugmasini bosing. To‘lov uchun kartani tanlang va «To‘lash» tugmasini bosing.


ATTO kartasi balansi bir zumda to‘ldiriladi, komissiya hisobga olinmaydi. Bonus sifatida Click 1% keshbekni sizga qaytaradi: kartani 10 ming so‘m bilan to‘ldirsangiz, 100 so‘m keshbek sizga qaytadi.

Apelsin orqali ATTO kartasini to‘ldirish

«To‘lov» sahifasiga o‘ting va qidiruv satriga ATTO ni kiriting, so‘ng operator belgisini bosing. Transport kartasi raqamini kiriting va «Keyingi» tugmasini bosing.


ATTO kartangizni to‘ldirmoqchi bo‘lgan mablag‘ miqdorini kiriting va «Keyingi» tugmasini bosing.


So‘ng ekranga to‘lov uchun bank kartasini tanlang, barcha ma’lumotlarni ikki marta tekshiring va tasdiqlash uchun «To‘lash» tugmasini bosing.


Qulaylik uchun ATTO kartasi raqamini ilovada saqlab qo‘yishingiz mumkin, shunda har safar hisobni to‘ldirishda uning raqamini kiritishingizga hojat qolmaydi. Buning uchun «Mening kartalarim» bo‘limiga o‘ting va «+» yangi kartani qo‘shish belgisini bosing. So‘ng karta raqami va amal qilish muddatini kiriting va «Davom etish» tugmasini bosing.


Payme orqali ATTO kartasini to‘ldirish

«To‘lov» sahifasiga o‘ting va qidiruv satriga ATTO ni kiriting, so‘ng operator belgisini bosing.


Keyin transport kartasi raqami hamda to‘ldirmoqchi bo‘lgan mablag‘ miqdorini kiriting va «Davom etish» tugmasini bosing.


So‘ngra ekranda to‘lov uchun bank kartasini tanlang, barcha ma’lumotlarni ikki marta tekshiring va tasdiqlash uchun «To‘lash» tugmasini bosing.

ATTO.Uz ilovasi orqali transport kartasini to‘ldirish

ATTO.Uz ilovasiga bir vaqtning o‘zida bir nechta transport va bank kartalarini qo‘shishingiz mumkin. Misol uchun, bir joydan turib balansni kuzatish va to‘ldirish uchun barcha oila a’zolarining ATTO kartalarini bitta ilovaga qo‘shishingiz mumkin bo‘ladi.

Ilova, shuningdek, karta yo‘qolganida uni blokirovka qilish imkonini beradi. Ammo balansni yangi kartaga o‘tkazish uchun ATTO ofisiga murojaat qilishingiz talab etiladi.

Transport kartasini qo‘shish. Ilovaning asosiy ekranida «Transport kartasini qo‘shish» tugmasini bosishingiz kerak, so‘ngra ATTO kartasining raqami va amal qilish muddatini kiritasiz va «Qo‘shish» tugmasini bosasiz.


Shundan so‘ng SMS-xabarda yuboriladigan tasdiqlash kodini kiritishingiz kerak bo‘ladi. Kartani qo‘shganingizdan so‘ng uning balansini kuzatishingiz yoki yo‘qolgan bo‘lsa, bloklashingiz mumkin bo‘ladi.

SMS-xabarnoma xizmatini ulash. Ko‘proq xavfsizlik va karta yo‘qolganidan keyin uni qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun SMS-xabarnoma xizmatini ulashingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun telefoningizda NFC moduli yoqilgan bo‘lishi kerak: bu tizim allaqachon ko‘pchilik zamonaviy smartfonlarga o‘rnatilgan.

Muhim: hozirda NFC moduli orqali SMS-xabarnoma xizmatini faqat Android smartfonlarida ulashingiz mumkin.

Xizmatni faollashtirish uchun NFC moduli yoqilgan telefonda ilovadagi asosiy menyu belgisini bosing (sariq rangdagi doira ichida) va «SMS-xabarnoma» bo‘limini tanlang hamda «Ulanish» tugmasini bosing. Kartaning raqami va amal qilish muddati avtomatik ravishda o‘qib chiqilganidan so‘ng, «Keyingi» tugmasini bosing.


So‘ng mobil telefoningizga xabarda yuborilgan kodni kiriting va «Tasdiqlash» tugmasini bosing. Natijada, karta telefon raqamingizga ulanadi.

Bank kartasini qo‘shish nega kerak? Ilovada so‘mdagi bank kartangizni biriktirishingiz mumkin. Buning natijasida har safar hisobni to‘ldirishdan oldin uning raqamini kiritishingizga hojat qolmaydi. Buning uchun dasturning asosiy menyusidagi «Bank kartalari» bo‘limini tanlang va yuqori o‘ng burchakdagi karta belgisini bosing (qizil rangdagi doira ichida). UzCard karta raqamini, uning amal qilish muddatini ko‘rsating va «Qo‘shish» tugmasini bosing.


Agar bog‘langan telefon raqami karta egasining raqamiga to‘g‘ri kelsa, karta darhol ilovaga qo‘shiladi. Aks holda, SMS-xabar orqali yuborilgan tasdiqlash kodini kiritishingiz talab etiladi.


Balansni kuzatish va to‘ldirish. Joriy balans ilovaning asosiy sahifasida biriktirilgan ATTO kartasida ko‘rinadi. Uni to‘ldirish uchun yashil «Balansni to‘ldirish» tugmasini bosing. Keyin, to‘lamoqchi bo‘lgan bank kartasini tanlang, to‘ldirish miqdorini kiriting va «To‘lash» tugmasini bosing.


Keyingi ekranda to‘ldirish miqdorini tekshiring va yana «To‘lash» tugmasini bosing. Telefon raqamiga tasdiqlash kodi bilan SMS-xabar yuboriladi. Uni kiritgandan so‘ng, karta balansi darhol to‘ldiriladi.


ATTO kartasi balansini qanday ko‘rish mumkin

ATTO transport kartasining joriy qoldig‘ini istalgan to‘lov ilovasida (Click, Apelsin, Payme, Paynet va boshqalar) yoki ATTO.Uz ilovasida ko‘rishingiz mumkin.

To‘lov ilovalari orqali balansni ko‘rish. To‘lov sahifasidan ATTO ni tanlang va transport karta raqamingizni kiriting. So‘ngra «to‘lov tafsilotlari» punkti orqali joriy qoldiqni ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Agar Apelsin ilovasiga ATTO kartasini qo‘shsangiz, uning balansi darhol «Mening kartalarim» bo‘limida ko‘rinadi.


ATTO.Uz ilovasi orqali balansni ko‘rish. Yuqoridagi qo‘llanmaga ko‘ra, ilovaga ATTO kartasini qo‘shing. Har bir ATTO kartasining qoldig‘i ilovaning asosiy ekranida ko‘rsatiladi.