280 ming nafardan ortiq bola koronavirusga qarshi to‘liq vaksina kursini oldi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Respublikada 10 oy davomida 2 183 381 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi qo‘llanilgan bo‘lib, bu umumiy emlanishlarning 5 foizini tashkil qiladi.

«Shu vaqt ichida 12 yoshdan katta bolalarning 280 140 nafari koronavirusga qarshi to‘liq vaksina kursini olgan», — deyiladi xabarda.

O‘tgan yili O‘zbekistonga jami 2 626 650 doza Pfizer/BioNTech vaksinasi keltirilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning sentabr oyi so‘nggida 12 yoshdan katta bolalar koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan emlanishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi. O‘zbekiston mazkur Pfizer/BioNTech vaksinasini AQShdan keltirgan.