Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi sudyasi pora olishda gumonlanmoqda. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 7 fevral kuni Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda Bosh prokurorning Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudi sudyasi T. O.ni Jinoyat kodeksining 210-modda 2-qismi «g» bandi (bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) bilan jinoiy javobgarlikka tortishga oid taqdimnomasi muhokama qilingan.

Bosh prokuratura matbuot kotibining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, gap fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi haqida ketmoqda. U o‘z sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish evaziga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olinganlar.

«Yakunda Kengash xulosasi bilan T.O.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berildi», — deyiladi xabarda.

Tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligi qo‘shimcha qilingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.