Talabalar uchun kontrakt to‘lovlari muddati 1 martga qadar uzaytirildi

OTM talabalari va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining 1 semestr o‘qishi uchun kontrakt miqdorini to‘lashning so‘nggi muddati 2022 yilning 1 marti etib belgilandi.

Davlat «Qizilqumsement»ni bozor narxidan arzonroqqa sotgan. Investor kelishuvning shaffof bo‘lmaganini aytdi

Yaqinda Kiprning United Cement Group kompaniyasi «Qizilqumsement»dagi davlat ulushini 1,89 trln so‘mga (qariyb 175 mln dollarga) sotib olib, O‘zbekistondagi sement zavodlari sonini 3 taga yetkazdi. Fusion Wealth Management menejeri Maykl MakGofi hukumat aktivni bozor qiymatidan 20 foizga arzonroqqa sotib, «xususiylashtirish dasturini shubha ostiga qo‘ygani»ni ta’kidladi. U kelishuvni shaffof emas deb atadi va ko‘proq taklif qilishga tayyor o‘yinchilar borligini ma’lum qildi.

Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga «raqamli diplomatlar»ni yuboradi

2022 yildan boshlab Rossiyaning IT-mahsulotlarini targ‘ib qiluvchi «raqamli diplomatlar» mamlakatning O‘zbekiston, Qozog‘iston va yana 14 davlatdagi savdo vakolatxonalarida o‘z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, ushbu diplomatlar Rossiyaning IT-kompaniyalariga konsalting va huquqiy yordam xizmatlarini ko‘rsatadilar.

Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas — Toshkent shahar hokimi

Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlarni poytaxtdan faqat qonuniy yo‘l bilan, onlayn-auksion orqali yer sotib olishga chaqirib, yer olishga yordam beramiz deganlarga ishonmaslikni so‘radi. «O‘z mablag‘ingizni ehtiyot qiling, yerning qonuniy egasi bo‘ling», — dedi hokim. U aholi yashash massivlarida ruxsatsiz inshootlar qurish «aholi tinchligi va xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», deya qo‘shimcha qildi.

Axborotni bloklash texnik jihatdan juda qiyin masala. Bu samara bermaydi — adliya vaziri TikTok haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov TikTok`ni bloklash haqidagi takliflarga munosabat bildirib, axborotning erkin tarqalishi tarafdori ekanini, TikTok`ni bloklash texnik jihatdan juda qiyin masala ekanini aytdi. «TikTok`dan boshqa joyda yomon kontent yo‘qmi, internetga kirsangiz, boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi?», degan vazir.

«Men endi borib do‘pposlamayman-ku». Ruslanbek Davletov — Toshkent viloyati hokimligi haqida

Adliya vaziri prezident farmoni bilan hokimlarning yer ajratishiga taqiq qo‘yilgan davrda Toshkent viloyatida 781 gektar yer tadbirkorga vaqtincha biriktirib berilganini ma’lum qilgandi. Viloyat hokimligi esa bunga munosabat bildirib, yer ajratish qonuniy bo‘lganini aytdi. Jurnalistning hokimlik vazirni noto‘g‘ri gapirganlikda ayblagani haqidagi savoliga javob berar ekan, Ruslanbek Davletov shunday dedi: «Men endi borib do‘pposlamayman-ku. Gapiraversin, shuning uchun ham sudda gaplashamiz».

«O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, qonun bor» — Adliya vaziri

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov diniy tashkilotlarning ayrim vakillari kimlargadir hukm o‘qishi huquqiy nuqtai nazardan noto‘g‘riligini qayd etib, bu jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini, diniy tashkilotlar bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. U Adliya vazirligi ushbu sohadagi faoliyatni nazorat qilishini eslatdi. «O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor», — dedi Davletov.

Yil davomida co‘mning real almashuv kursi 2,9 foizga o‘sdi

So‘mning real samarali almashuv kursi O‘zbekistonning asosiy savdo-hamkor davlatlari valyutalarining zaiflashishi va yana bir necha faktorlar tufayli 2,9 foizga mustahkamlandi. Hamkorlar orasida turk lirasi 81 foizga qadrsizlandi, Xitoy yuani yagona mustahkamlangan valyuta bo‘ldi. Rossiya va Qozog‘iston valyutalari ham qadrsizlandi.

2022 yil oxirida inflyatsiya 9 foizdan past bo‘lishi mumkin — Markaziy bank

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya oraliq maqsadli ko‘rsatkich darajasida — 10% bo‘ldi. Biroq, 2022 yil yakuniga qadar iqtisodiyotda saqlanib qolayotgan «nisbatan qat’iy» pul-kredit siyosati inflyatsiyaning pasayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan 2021 yilda iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar 2020 yilga nisbatan 31 foizga o‘sgani aytildi.

Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori YTHda vafot etdi

Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori o‘ziga tegishli avtomobilda avariyaga uchradi. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, vafot etgan.

Poytaxda mashina siqib ketgan avtobus ustunga borib urildi

Toshkentda 59-raqamli avtobus yengil avtomobil siqib ketishi natijasida yo‘l chetiga chiqib ketgan va ustunga borib urilgan. YTH oqibatida 2 kishi yengil jarohat olgan.

Buxoro aeroportida qo‘lga olingan rossiyalik bloger ozod etildi

O‘zbekistondan Novosibirskka uchib ketayotganida bagajida dron aniqlangani uchun qo‘lga olingan rossiyalik trevel-bloger Maksim Limar uy qamog‘idan ozod etildi. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, u ayni vaqtda vatanga qaytib ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi, Oqqo‘rg‘on hokimi o‘zgardi

Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Shuningdek, Quyi Chirchiq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimjonov Oqqo‘rg‘on tumaniga hokim etib tayinlandi.

Qarshi tumaniga yangi hokim tayinlandi

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi birinchi o‘rinbosari Behzodjon Yusupov Qarshi tumani hokimi etib tayinlandi. Qashqadaryo hokimi tumanning oldingi rahbari Maqsuda Mustafoyeva hokimligi paytida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham to‘xtaldi. «2021 yilning o‘zida yer ajratish bo‘yicha qonunga zid qarorlar tufayli davlatga 6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan», — dedi Murotjon Azimov.

«Hokimlar hududlarning begi emas, xalqning yollanma ishchisi» — Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri dushanba kungi matbuot anjumanida rahbarlar o‘zini hududi yoki sohasini begi emasligi, balki ular xalqning yollanma ishchisi ekanligini ta’kidladi. «U yollanma ishchi, biz ham yollanma ishchimiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlarida ish vaqti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani davlat xizmatining jozibadorligiga ta’sir qilayotganini tanqid qildi. «Shuning uchun ham aqlli odamlar kelmayapti davlat xizmatiga», — dedi u.

«Qaysi hududda tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘z funksiyasini tugatadi». Adliya vaziri Yagona imtihon markazi haqida

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Toshkentdagi haydovchilik guvohnomasini beruvchi Yagona imtihon markazi «Avtotest» singari monopoliya emasligini, qolaversa, litsenziyani qurilish bitganidan keyin olish ham mumkinligini aytdi. «Agarda qaysi hududda shu talablarga mos ravishda xususiy sektordan tadbirkor kirib kelsa, davlat o‘zining shu funksiyasini tugatadi», — dedi u.

Hafta boshidagi yog‘ingarchilik payshanbadan iliq ob-havoga o‘zgaradi

Hafta boshida O‘zbekistonga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi evaziga ayrim joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilmoqda. Payshanbadan esa Eron hududlaridan juda iliq havo kirib keladi va kunlar isiy boshlaydi. Hafta davomida kechasi va ertalab tuman tushadi.

Kunlik koronavirus holatlari soni 900 nafardan kamaydi

Dam olish kunlarida O‘zbekistonda bir sutka davomida 900 nafardan kam kishida koronavirus aniqlandi. Pnevmoniya bilan kasallanganlar soni ham avvalgi kunlarga nisbatan birmuncha kamaygan.

«Gazeta.uz» da e’lon qilingan maqolalar:

Qo‘llanma: ATTO transport kartasi balansini to‘ldirish

ATTO transport kartasini to‘ldirish uchun navbatda turib qolmasligingizni ta’minlash uchun «Gazeta.uz» info-kiosklar va mobil ilovalar orqali transport kartasi balansini qanday to‘ldirish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etadi.