Qozog‘istonda so‘nggi vaqtlarda Rossiyada qonunni buzgan O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olinishi holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

8-may kuni Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘iston, balki Rossiya hududiga kirishda ham hech qanday to‘siq yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish zarurligi haqida ogohlantirgandi. Sababi Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi shartnomalar imzolangan.

Shu sababli Qozog‘iston vakolatli organlari Rossiyaning migratsion va boshqa qonunlari buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligini tekshirmoqda.

Agar Rossiya Federatsiyasida bo‘lish davridagi qonunbuzarliklar yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, Qozog‘iston hukumati O‘zbekiston fuqarosining Qozog‘istonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxslar Rossiya tomoni mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilguniga qadar jazoni ijro etish muassasalarida saqlanmoqda.

“Shu munosabat bilan Rossiya hududida huquqbuzarlik sodir etib, O‘zbekistonga kelgan yurtdoshlarimizga Qozog‘istonga bormaslik tavsiya qilinadi”, — deyiladi agentlik xabarida.

O‘z navbatida, TIV fuqarolarga Rossiya IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi veb-saytidan ushbu mamlakatga kirishga taqiq bor yoki yo‘qligini tekshirishni tavsiya qildi (“Xizmatlar” bo‘limi).