Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova Oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Boyovut tumani Kengashining o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasida o‘zining kengash raisi maqomini deputatlarga topshirdi.

«Yana bitta yangilikni aytmoqchiman. Avvalgi selektorda muhtaram prezident bilan suhbat qildik. Kecha bizga tavsiyanoma keldi, Boyovut tumani xalq deputatlari kengashi alohida qilinadi. Hokimni alohida, kengashni alohida qilish bo‘yicha Boyovut tumani bilan Shirin shahrida tajriba o‘tkazilayapti. 30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi. Tushunayapsizlarmi?», — dedi u.

Hokim mazkur jarayon butun umrlik orzusi ekanligini ta’kidladi.

«Men masalan roziman. Qaytaga bir umrlik orzuyim shu. Lekin, kengash raisi hokimdan kuchli bo‘lishi kerak. Ana shunda yurib ketadi. To‘g‘ri, inson, hokim sifatida yuzimizni qilishi mumkin, lekin bu hayot uchun kurash. To‘g‘ri tushunib, buni to‘g‘ri hal qilamiz degan maqsadda butun respublikadan emas, Boyovutdan boshlanayapti. Shuning uchun deputatlarni faollikka chaqirib qolaman», — dedi Dilfuza Uralova.

«Mana muhtaram prezident tashrifi belgilanayapti, — dedi Boyovut hokimi. — Ertaga sizlar bilan uchrashadi, hokimni alohida, kengashni alohida qilib beraman deydi, sizlarni faolliklaringni nazorat qiladi endi. Ertaga senatorlar, doimiy ishlaydigan deputatlarga sharoit qilib beramiz, oylik olasiz. Deputatlar Boyovutda faol bo‘lgani uchun ham aynan shu yerdan boshlashayapti».

Hokimning ta’kidlashicha, hozirda deputatlarning oylik maoshini hal qilish yuzasidan tegishli hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

«To‘g‘ri, bariqamiz, chaqiramiz, (o‘zaro muhokamalarda tortishuv nazarda tutilmoqda — tahr.) lekin, bu rivojlanishimiz uchun. Quronboyev [Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev] boshchiligidagi guruh kelib ketdi», — dedi hokim.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid material e’lon qilgandi. Tahririyatning aniqlashicha, 2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida mazkur hujjat ishlab chiqilgan. Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Biroq, hujjatning undan keyingi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». Senat ham quyi palatada ko‘rib chiqilmagan hujjat yuqori palataga ham kelib tushmasligini qayd etgandi.

2021 yilning 18 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda hokimlarni xalq saylashi va ular kelgusida kengash raisi bo‘lmasligini ta’kidlagandi.

«Biz joylardagi muammolarni hal qilish bo‘yicha deputatlar, tuman kengashlariga juda katta vakolatlar berganmiz. Shunday tizimga o‘tamizki, har bir kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Kengashga saylangan deputat unga rahbar bo‘ladi. Viloyat hokimi ham viloyat kengashining rahbari bo‘lmaydi. Ijro organi rahbari — tuman, shahar kengashlariga hisobot beruvchi. Bu tizimni ongimizga singdirmaganimiz uchun, odamlar o‘rgansin deb uni ushlab turibman», — degandi u.

Davlat rahbari o‘shanda «xalq joylardagi hokimiyat vakillaridan hisobot talab qilsa, vaziyat o‘zgaradi», deya qo‘shimcha qilgandi.

2021 yil 6 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida ham mazkur masalaga to‘xtalib o‘tdi.

«Necha marta biz buni gapiryamiz, lekin mana, besh yil tajriba orttirdik… Endi kengashning rahbari ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emasligini xalqimizning o‘zi aytyapti. Vaqt-soati keldi, qonuniy masalani ham joy-joyiga qo‘yamiz. Shunday qilib, demokratik yo‘nalishlardagi katta poydevorni yaratamiz. Agar shu poydevor bo‘lsa, ancha anchagina ijro organi rahbarlari ham xalq tomonidan jilovlanadi. Xalq deganim — deputatlar tomonidan, deputatlar deganim — xalq saylagan vakillar tomonidan», — degandi u.