Adliya vaziri Ruslanbek Davletov TikTok platformasini bloklash bo‘yicha bildirilgan takliflar haqida gapirib, u axborotning erkin tarqalishi tarafdori ekanini ta’kidladi. Bu haqda vazir jamoatchilikka bergan an’anaviy yillik hisoboti davomida aytib o‘tgan.

«Mening o‘zim ham „Adolat“ partiyasi a’zosiman. Bizning partiyadoshlarning fikrini bilmadim, lekin men axborotning erkin tarqalishi tarafdoriman. Chunki, tarixda ham juda ko‘p bo‘lgan axborotni cheklash. Hozir mana „bloklash“ degani nima o‘zi? Texnik nuqtai nazardan buning imkoniyati bormi? Uni bloklab qo‘ydingiz deylik, buyoqdan hamma VPN`ga o‘tadi-ku, shunday zo‘r tekin [turlari] bor. Yangi-yangi dasturlar chiqadi. Jaholat bo‘ladigan bo‘lsa, unga qarshi ma’rifat bilan kurashishimiz kerak», — deydi adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov yomon kontent faqat TikTok`da uchramasligini qayd etdi.

«TikTok`dan boshqa joyda yomon kontent yo‘qmi, internetga kirsangiz, boshqa bo‘lmag‘ur saytlar yo‘qmi? Qayerdan bo‘lmasa diniy ekstremizm kuchayyapti, qayerdan propaganda bo‘lyapti? Axborotni bloklash texnik nuqtai nazardan juda qiyin masala. Shuning uchun, o‘ylaymanki, bu samara bermaydi», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Avvalroq, «Adolat» partiyasi O‘zbekistonda TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qilib, buni tarmoqdagi videolar orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlar ko‘payayotganligi bilan izohlagandi.

«O‘zbekiston 24» telekanali direktori Xayrulla Nuriddinov o‘zining «Menimcha» ko‘rsatuvida «agar TikTok yomon bo‘lsa, keling, uni yaxshi qilaylik», deya fikr bildirgandi.

Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertramga tarmoqni O‘zbekiston qadriyatlari va mentalitetiga moslash taklifini bildirgandi.