6 fevral kuni ertalab soat 06:37 atrofida 59-sonli «ISUZU» avtobus old yon tomoni bilan ustunga borib urildi. Holat bo‘yicha «Toshshahartransxizmat» AJ rasmiy bayonot berdi.

Keltirilishicha, avtobus haydovchisi Yangi hayot tumani hududidagi Yangi katta halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab ketayotgan vaqtda, «SIMMA» mehmonxonasi qarshisida yengil avtomobil siqib ketgan. Buning natijasida avtobus yo‘l chetiga chiqib ketgan va old yon tomoni bilan ustunga borib urilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jaroxati olgan. Jabrlangan yo‘lovchilar shifoxonaga yetkazilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

«Hozirda, mazkur yo‘l-transport hodisasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan. „Toshshahartransxizmat“ AJning Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazmoqda», — deyiladi xabarda.