An’anaviy ta’lim boshlangandan so‘ng hududlardan 36 738 nafar talaba Toshkent shahriga yetib kelgan. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar bermoqda.

Yetib kelganlarning:

  • 10 032 nafari (26,6%) oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylariga;
  • 18 204 nafari (48,3%) ijara xonadonlariga;
  • 8 502 nafari (21,3%) yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.

Vazirlik talabalarning joylashishini to‘liq nazoratga olgani, bunda talabalar turar joylarida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilganini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, talabalarga doimiy yashash joyidan ta’lim muassasalariga istalgan vaqtda yetib kelishlarini muvofiqlashtirish uchun TTJlarda jadval asosida tyutorlar 24 soatlik navbatchilik qilmoqda.

«Bundan tashqari, ijaraga uy topishga qiynalayotgan talabalar muammolarini bartaraf qilish uchun mahalla raislari va IIB profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda», deyiladi xabarda.