«O‘zbekneftgaz» Jizzakh Petroleum kompaniyasi ta’sischilari safidan butunlay chiqdi. Bungacha qo‘shma korxonaning 49 foiz ulushi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli edi.
Senat koronavirusga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m ajratishni ma’qulladi, biroq ushbu mablag‘ning 800 mlrd so‘mi allaqachon sarflab bo‘lingan. Bu senatorlar va prezident davlat budjetiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni tasdiqlaguncha sodir bo‘ldi. Mazkur holatni budjet qonunchiligi prezident va hukumat qarorlari doirasida jami budjet xarajatlarining ko‘pi bilan 3 foizidan foydalanishga imkon beradi, deya tushuntirdi Moliya vazirligi.
Ikkilamchi bozorda ko‘pgina avtomobil modellarining narxi sezilarli darajada oshdi. Narxlarning keskin o‘sishi yangi mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu holat «ikkinchi qo‘l» avtomobillariga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.
O‘zbekistonda Rossiya texnologiyalaridan foydalangan holda avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va muqobil energetika sohasidagi loyihalarga Rossiya sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Moskvadagi hukumatlararo komissiya yig‘ilishida so‘z bordi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi va «Gazprom» o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi xabar berishicha, sentabr oyidan ichki bozorda ip-kalava uchun «asossiz ajiotaj» kuzatilmoqda. Uyushma noyabr oyida ip kalava eksportiga vaqtinchalik qo‘shimcha to‘lov amaliyoti joriy etilishini ma’lum qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu «yomon oqibatlar»ga olib kelishini ta’kidlamoqda.
1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7 so‘mga ko‘tarilib, 10 683 so‘m etib belgilandi. Bundan tashqari, yevro va rubl kurslari ham oshdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov JST bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashib, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarning holatini muhokama qildi. Yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 558 ta elektromobil import qilinib, import hajmi qariyb 7 baravarga oshdi. Ular asosan Xitoydan olib kelinmoqda.
Kelgusi yildan g‘allachilik klasterlari va fermerlarga yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi beriladi. Bunda ular 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi donni qayta ishlash zavodlari ochiq savdolarga chiqariladi.
Shavkat Mirziyoyev saylovdan keyingi birinchi majlisda qishloq xo‘jaligidagi islohotlar va klasterlar faoliyatidagi muammolarni muhokama qildi. Paxta-to‘qimachilik klasterlari yanada ko‘proq imtiyozli kreditlar, davlat grantlari, mustaqillik va boshqalar beriladi.
Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 1,43 trln so‘m ($133,7 mln) yo‘naltiriladi. Senat buni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni davlat budjetiga kiritishni ma’qulladi. Iyunda senatorlar kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarini moddiy ta’minlash, qo‘shimcha shtatlar ajratish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 1,1 trln so‘m ajratishni ham ma’qullagan edi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan Jizzax viloyatida 220 kV kuchlanishli «Zafarobod» raqamli podstansiyasi quriladi. Podstansiya 2023 yilda foydalanishga topshiriladi. Uning qurilishida tenderda g‘olib bo‘lgan Xitoyning «Shanghai Electric Group Co.,Ltd» kompaniyasi ishtirok etadi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7,68 so‘mga pasayib, 10 676 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Prezident tadbirkorlik subyektlarining valyuta xatarlarini kamaytirishga oid qarorni qabul qildi. Davlat jamg‘armasi xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganida kompensatsiya to‘lab beradi.
Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi faoliyat boshlaydi. Yangi xendling korxonasi aeroport kompleksidagi qator xizmatlarni taqdim etadi. Endilikda aviakompaniyalar o‘zlariga zarur xizmat paketini shakllantirib, keraksiz xizmatlardan voz kechishlari mumkin bo‘ladi.
Moliya vaziri Timur Ishmetovning fikricha, xususiylashtirishdan asosiy maqsad investorlarga davlat bozorlarni tark etayotgani va ular davlat kompaniyalari tomonidan adolatsiz raqobatga duch kelishidan qo‘rqmasligini ko‘rsatishdir. «Samarasiz davlat korxonalaridan qanchalik tez qutulsak, biz uchun shunchalik yaxshi», — dedi u.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 11,32 so‘mga pasayib, 10 683,68 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Seshanba kuni Rossiyadan Toshkent metropoliteni uchun keltirilgan yangi 20 ta vagonlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, mazkur metro vagonlari yangi texnik yechimlarga ega bo‘lib, elektr energiyasini 35 foizgacha tejaydi. Shuningdek, uchinchi avloddagi asinxron tortuvchi dvigatelining qo‘llanilishi ekspluatatsion xarajatlarni 40 foizgacha qisqartiradi.
Avtomobillarni sotib olganda to‘lanadigan yig‘imlar bekor qilinishi kutilmoqda. Moliya vazirligining deputat so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, avtomobilni rasmiylashtirish uchun davlat boji miqdori ham qayta ko‘rib chiqiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting