28-oktabr kuni Sankt-Peterburgda O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov va «Gazprom» bosh direktori Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Muzokaralar chog‘ida Energetika vazirligi, O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va «Gazprom» OAJ o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalarini, jumladan, O‘zbekiston konlarida gaz qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ham muhokama qildilar.

2020 yil yanvar oyida Energetika vazirligi so‘nggi ikki yil ichida «Gazprom» mutaxassislari beshta investitsiya bloklari, jumladan Chegara-Tagman, Chinobod, Uzunkuin, Kossor, shuningdek Buxoro-Xiva bo‘yicha geologik materiallarni o‘rgangani haqida xabar bergan. Keyin vazirlik «Gazprom»dan yangi bloklarda birgalikda qidiruv ishlari bo‘yicha qaror qabul qilishni tezlashtirishni kutishlarini ta’kidlagan.