O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi tomonidan mamlakatda birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya qurilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirlig matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi asosida 220 kV kuchlanishli «Zafarobod» raqamli podstansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Raqamli podstansiya Jizzax viloyatida 2023 yilda foydalanishga topshirilishi ma’lum qilindi.

«Texnologik jarayonlarni boshqarish to‘liq yuqori darajada avtomatlashtirilgan, eng zamonaviy axborot texnologiyalarining boshqaruv tizimlari va vositalari bilan jihozlanadigan raqamli '"Zafarobod» podstansiyasi viloyat energetika tizimini 500 MVA qo‘shimcha quvvat bilan ta’minlaydi", — deya ma’lumot berdi Milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonov.

Qayd etilishicha, «tayyor holda topshirish» sharti asosida, Osiyo taraqqiyot banki talablariga asosan podstansiyani qurish uchun o‘tkazilgan xalqaro tender savdolarida «Shanghai Electric Group Co.,Ltd» (Xitoy) kompaniyasi g‘olib deb topildi. Ushbu loyiha doirasida «GOPA — International Energy Consultants GmbH» (Germaniya) konsalting kompaniyasi sifatida ishtirok etmoqda.