1 noyabrdan Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Handling sho‘ba xendling kompaniyasi faoliyat boshlaydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, yangi korxona yo‘lovchilarni samolyotga ro‘yxatdan o‘tkazish, yetkazib berish va qo‘ndirish, yukni qayta ishlash va yetkazib berish, samolyotga yer usti xizmat ko‘rsatish, samolyotga oziq-ovqat yuklash, shuningdek, aerovokzal kompleksining xizmatlari: ona va bola xonasi, tibbiy markaz va ma’lumotnoma xizmatlarini taqdim etadi.

«Yo‘lovchilar oqimining hozirgi o‘sish sur’ati tig‘iz vaqtlarda tirbandliklarga bardosh bera oladigan, yo‘lovchilar va havo kemalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha xizmatlar ishini optimallashtirish, shu bilan birga havo kemalarining sifatini oshirish va aylanish vaqtini qisqartirish imkonini beradigan tuzilmani shakllantirishni taqozo etmoqda. Biz bularning barchasiga aviakompaniyalar, yo‘lovchilar va samolyotlar aeroportlarimizga qo‘ngan paytdan boshlab havoga ko‘tarilgunga qadar xizmat ko‘rsatishning butun siklini o‘z ichiga olgan eksklyuziv kompaniya tashkil etish orqali erishmoqchimiz», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatishning yangi yondashuvini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, ilgari aviakompaniyalar kompleks xizmatlarni sotib olishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘zlari uchun zarur xizmatlar paketini shakllantirishlari mumkin. Bu esa aviakompaniyalarga keraksiz xizmatlar uchun ortiqcha to‘lov qilmaslik imkonini beradi.

Shuningdek, resurslardan foydalanish jarayoni ham optimallashtirildi. Endilikda reysga xizmat ko‘rsatish vaqtida bironta ham xizmatchi bo‘sh turmaydi, tizim yagona mexanizm sifatida ishlaydi va kim nima uchun mas’ul ekanini hamma aniq biladi. Ushbu optimallashtirish jalb qilingan resurslar miqdorining kamayashiga va xodimlarning daromadlari oshishiga olib kelishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzbekistan Airports xorijiy aviakompaniyalar uchun tariflar va to‘lovlarni o‘rtacha 15 foizga pasaytirgan edi.