26 oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara jarayonining hozirgi holati hamda bu boradagi hamkorlik doirasida navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston hukumati savdo-sotiqni erkinlashtirish, JST bitimlari tamoyillari va qoidalari asosida tashqi savdoni isloh qilish tizimlarini modernizatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha jahonning eng yaxshi amaliyotlarini joriy etishga oid sa’y-harakatlarni davom ettirishga sodiq ekanligi ta’kidlandi.

Tomonlar 2021 yil oxirigacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni o‘tkazishda va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Shuningdek, JST Kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan zarur hujjatlarni tayyorlashda O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish yuzasidan birgalikdagi ishlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorligini bildirdilar.