26-oktabr kuni, Toshkent Markaziy temir yo‘l vokzalida Toshkent metropoliteni uchun keltirilgan 20 ta zamonaviy metro vagonlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, harakat tarkiblar dunyodagi eng yirik temir yo‘l va shahar relsli transporti uchun harakat tarkibilarini ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan — Rossiyaning «Metrovagonmash» AJda ishlab chiqarilgan.

Foto: «Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli» matbuot xizmati

Qayd etilishicha, O‘zbekistonga yetkazib beriladigan 81−765/766/767 rusumli metropoyezdlari 2016 yildan buyon turli xil ko‘rinishda ishlab chiqarilmoqda va ayni paytda ular Moskva, Qozon va Boku metropolitenlarida ekspluatatsiya qilinmoqda.

«Toshkent metropoliteni uchun yangi ishlab chiqarilgan vagonlar zavodda o‘zgacha usulda bo‘yalgan. Vagonlarning yon tarafi va eshiklari oq rangga bo‘yalgan. Butun harakat tarkibi bo‘ylab gorizontal ravishda O‘zbekiston milliy bayrog‘inining ranglari mujassam etgan chiziq tortilgan. Poyezdning tom qismi havorang tusda, old qismi esa qora rangda bo‘yalgan. Shuningdek old qismida yo‘nalishni ko‘rsatuvchi elektron satri joylashgan bo‘lib „O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ ramzi aks etgan», — deyiladi xabarda.


«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, mazkur metro vagonlari yangi texnik yechimlarga ega bo‘lib, elektr energiyasini 35 foizgacha tejaydi, uchinchi avloddagi asinxron tortuvchi dvigatelining qo‘llanilishi ekspluatatsion xarajatlarni 40 foizgacha qisqartiradi.

Yangi vagonlarning yana bir qator texnik imkoniyatlari va afzalliklariga quyidagilar kiradi:

  • vagonlar orasidagi germetik «garmoshka» ko‘rinishidagi o‘tish joylari yo‘lovchilar uchun poyezdning boshdan oxirigacha o‘tish imkonini beradi va bu bilan harakat tarkibining sig‘imini oshiradi;
  • yo‘lovchilar saloni har bir tomonda to‘rttadan bo‘lgan avtomatik va ikki qavatli eshiklar ornatilgan. Eshiklar 12 foizga kengaytirilgani yo‘lovchilarni tasodifan qisilib qolishi oldi olingan;
  • salondagi haroratni o‘rnatilgan konditsioner, isitish va shamollatish tizimi ta’minlab turadi. Shuningdek, shiftda maxsus himoya qutilari ichida joylashgan va havoni ultrabinafsha lampalar yordamida zararsizlantirish tizimi qo‘llanilgan;
  • har bir vagon telekanallar translyatsiyasi imkoni bilan birga yo‘lovchilarga zamonaviy ma’lumot uzatish tizimi bilan ta’minlangan;
  • har bir vagon videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan, har bir vagonda shift kameralari, shuningdek, shoshilinch aloqa bloklari ustida ham kameralar mavjud, yong‘inni avtomatik payqash va o‘chirish tizimi ham mavjud;
  • mashinist kabinasida yo‘llar hamda harakatlanuvchi sostav vagonlari eshiklarini videokuzatuv tizimi monitori joylashgan.

Metro poyezdlarini xarid qilish Rossiyaning «VEB.RF» davlat korporatsiyasi, shuningdek, uning tarkibidagi «Roseksimbank» guruhi tomonidan moliyalashtirilmoqda. 2021 yil oxiriga qadar yana 20 ta metro vagoni Toshkentga yuborilishi ko‘zda tutilgan.

2021 yil aprel oyida «VEB.RF» va «Toshkent metropoliteni» UK ortasida 40 ta metro vagonini yetkazib berish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolandi. Kredit liniyasi hajmi 30,4 million evroga teng bo‘lib, 12 yilgacha taqdim etilmoqda. 2019 yilda «VEB.RF» O‘zbekistonga 20 ta metro vagonlarining birinchi partiyasini yetkazib berilishini moliyalashtirdi.