Moliya vaziri Timur Ishmetov jurnalist Rayan Chilkot (Ryan Chilcote) bilan intervyuda O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturi va uning maqsadlari haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi 3 mingga yaqin davlat aktivlarini sotish rejalashtirilmoqda.

«Raqamlar katta, lekin ularning aksariyati kichik korxonalardir. Birinchi navbatda — juda tezkorlikda ularning to‘rtdan uch qismi sotiladi (75%). Biz allaqachon davlat aktivlari ro‘yxatini tuzdik. Ba’zi sohalarda ular bizga kerak emas. Shuning uchun biz ularni auksionga qo‘yamiz va hozirgi narxi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, sotamiz», — dedi vazir.

Timur Ishmetov yirik davlat korxonalari haqida gapirar ekan, davlat ayrim tabiiy monopoliyalarni sota olmasligini ta’kidladi. Misol uchun, «juda yaxshi bo‘lmasa-da» oxir-oqibat xususiy kompaniyaga aylanishi mumkin bo‘lgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi.

Shuningdek, moliya vazirining aytishicha, O‘zbekiston energetika bozoriga elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning chiqishidan manfaatdor.

«Ular allaqachon bu yerda biznesni yo‘lga qo‘yishni boshlashgan. Biz hatto mavjud kompaniyalarni (elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi davlat korxonalari — tahr.) sotish, elektr energiyasini tarqatishda (taqsimlashda — tahr.) xususiylashtirish yoki davlat-xususiy sheriklikka o‘tish haqida o‘ylayapmiz», — dedi u.

Moliya vazirli ushbu amaliyotni boshqa sohalarda ham qo‘llash rejalashtirilayotganini aytdi.

«Ehtimol, foydali qazilmalarni qazib olishda ikkitadan ko‘p bo‘lmagan, bir nechta yirik va juda yaxshi kompaniyalarni sotishni rejalashtirmayapmiz, lekin qisman IPO’ga tayyormiz. Chunki bu samarali kompaniya yaratish, kompaniyani samarali boshqarishga ishonch hosil qilish uchun yuzlab va minglab qo‘shimcha ko‘zlarga ega bo‘lgan xususiy investorlarni jalb qilish vositasidir», — deya ta’kidladi Timur Ishmetov.

Timur Ishmetov O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturining kech boshlaganini tan oldi.

«Gap shundaki, hamma narsani nazorat ostida ushlab turish qandaydir xavfsizlik yoki ishonchlilik masalasi bilan bog‘liq emas. Gap samaradorlik va natijalar haqida ketyapti. Lekin biz buni (xususiylashtirish — tahr.) prezidentimizning siyosiy irodasi bilan boshlaganimizdan xursandman», — dedi moliya vaziri.

Uning aytishicha, O‘zbekiston allaqachon bir qancha yaxshi kelishuvlarni amalga oshirgan, biroq bu faqat boshlanishi.

«Investorlar tomonidan juda yaxshi qiziqish bildirilmoqda. Yaxshi tashkil etilgan, zamonaviy va oshkora [xususiylashtirish] jarayoni bu korxonalarga yaxshi sarmoyadorlar kelishi va vaziyatni yaxshilash mumkinligini ko‘rsatdi. Ikkinchidan, bundan [davlat] yaxshiroq pul oladi», — dedi vazir.

Timur Ishmetov O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonida tavakkal qilishga tayyor investorlarning ishonchini eng asosiysi deb aytdi.

«Samarasiz davlat korxonalaridan qanchalik tez qutulsak, biz uchun shunchalik yaxshi. Ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham bozordagi samaradorlik yaxshiroq, xususan budjet nuqtai nazaridan ham shunday», — dedi Moliya vazirligi rahbari.

Moliya vaziri aholi soni ortib borayotganini hisobga olgan holda ish o‘rinlari yaratish masalasi O‘zbekiston uchun dolzarbligicha qolayotganini ta’kidladi. Xususiy sektor odamlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga egaligini aytib o‘tdi.

«Gap bitta davlat kompaniyasini sotish haqida ketmayapti, balki investorlarga davlat bu bozorlarni tark etayotganini ko‘rsatish haqida ketmoqda. Endi ular bu biznesga kirishlari va raqobat qilishlari mumkin. Men buni tezda qilishimiz kerakligini aytishimning sababi biz pulga muhtoj yoki o‘sha kompaniyalarni texnik xizmat ko‘rsatish qimmatligi tufayli ularni yo‘q qilmoqchi emasmiz, balki investorlarga davlat tomonidan adolatsiz raqobat bo‘lishidan qo‘rqmasliklarini ko‘rsatmoqchimiz», — deya tushuntirdi u.

2020 yilning oktabr oyida prezidentning «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolangan bo‘lib, mazkur hujjat bilan 620 dan ortiq transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati hamda korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati tasdiqlangandi.

Fevral oyida prezident davlat aktivlarini xususiylashtirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston davlat aktivlarini xususiylashtirishdan 105 mln dollar daromad oldi, dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov. Joriy yilda jami 900 ta obyekt sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, yil oxirigacha jami 600 mln dollar daromad keltirishi mumkin.