27 oktabr kuni Moskvada O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 22-majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilish O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov raisligida bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat iqtisodiy sherikligida erishilgan salmoqli yutuqlar qayd etildi. O‘zbekistonda 9 oy ichida Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 200 tadan oshdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda neft-kimyo, kon-metallurgiya, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi sohalarda umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 150 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanganidek, vazifasi investitsiya takliflarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun yangi loyihalarni shakllantirishdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma loyiha ofisida umumiy qiymati qariyb 9 milliard dollarlik 180 dan ortiq loyihalardan iborat yangi portfel ustida ish olib borilmoqda.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muzlatkichli poyezdlarda jadal yetkazib berish bo‘yicha «Agroekspress» loyihasi O‘zbekiston-Rossiya savdosini rivojlantirishning «drayveri»ga aylanishi mumkinligi qayd etildi. O‘zbekistondan yangi meva-sabzavotlarni birinchi sinov tariqasida yetkazib berish noyabr oyining o‘rtalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. «Bizning umumiy vazifamiz — 2030 yilgacha temir yo‘l orqali mamlakatlarimizga 1 million tonna mahsulot yetkazib berish», — dedi Maksim Reshetnikov.

O‘tgan ikki oy davomida O‘zbekistonning 7 viloyati rahbarlaridan iborat delegatsiyalar Rossiyaning 20 ta viloyatida bo‘lib, hamkorlik istiqbollari yuzasidan mazmunli muzokaralar o‘tkazdi. Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida yaqin kelajakda O‘zbekiston va Rossiya hududlari rahbarlarining sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish va savdo shartnomalarini tuzish uchun qo‘shimcha ravishda o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik, xususan, ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda. 1 oktabr kuni Toshkentda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali ochildi filiali ochildi. Yaqin istiqbolda yana ikkita oliy o‘quv yurti — Kosigin nomidagi dizayn va texnologiya universiteti hamda Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti filiallari ochilishi kutilmoqda.

Uchrashuvda energetika, farmatsevtika va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olindi. Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonda tog‘-metallurgiya sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, mashinasozlik va stanoksozlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ishlab chiqarish quvvatlari negizida Rossiya texnologiyalaridan foydalangan holda avtomobillar va qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni izchil ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda energiya ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va muqobil energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Rossiya sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.