Noyabr oyida ip kalava eksportiga vaqtinchalik qo‘shimcha to‘lov amaliyoti joriy etilishi mumkin, deya xabar qilmoqda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, sentabr oyidan jahon bozorlarida paxta va kalava ip narxlarining keskin o‘sishi va O‘zbekiston ip-kalavasiga talabning ortishi natijasida ichki bozorda ip-kalava uchun «asossiz ajiotaj» (tovar bahosini sun’iy, spekulyativ ravishda oshirish yoki pasaytirish — tahr.) kuzatilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, uyushma tomonidan ichki bozorda ipga bo‘lgan talab va taklif hajmlarini barqarorlashtirish maqsadida quyidagi choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

  • haftasiga bir marta paxta tolasi va ip-kalava ishlab chiqarish hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish;
  • paxta tolasi narxlarining spekulyativ o‘sishini cheklash mexanizmini joriy etish;
  • paxta tolasi, sintetik va sun’iy tolalar, shuningdek ip-kalava importi hajmini kengaytirish;
  • ip-kalava iste’molchilarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash amaliyotini kengaytirish, paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjiri bo‘yicha QQSni qaytarish mexanizmlarini mukamallashtirish va to‘lashni kechiktirish hamda ichki bozorga sotiladigan kalava ip hajmlaridan daromadni foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha takliflar kiritish.

Qayd etilishicha, ichki bozorda ip-kalava hajmi barqarorlashmagan xolda, 2021 yil noyabr oyida ip kalava eksportiga vaqtinchalik qo‘shimcha to‘lov amaliyoti joriy etiladi (korxonalar va assortimentlar kesimida).

Bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov masalaning potensial oqibatlariga e’tibor qaratib, bu «yomon oqibatlar»ga olib kelishini ta’kidlamoqda.

Uning yozishicha, yil boshida hukumat qarori bilan paxta ip-kalavasi eksportiga umumiy ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining o‘rtacha 50 foizi miqdorida kvota o‘rnatilgan va kvotadan ortiq eksport qilinadigan paxta ip-kalavasining (bo‘yalgan kalava bundan mustasno) har bir kilogrammi uchun 0,32 dollar miqdorida qo‘shimcha yig‘im undirish belgilangan edi.

«1 avgustdan bu talablar katta ehtimol o‘z kuchini yo‘qotdi (agar uzaytirilmagan bo‘lsa). Lekin paxta ip kalavasining har bir kilogrammi uchun 0,01 AQSh dollari miqdoridagi mavjud eksport bojiga qo‘shimcha to‘lov haliyam o‘z kuchida», — deb yozmoqda Otabek Bakirov.

Shuningdek, Otabek Bakirov bu borada Mirkonomika telegram kanali muallifi Mirkomil Xolboyevning mulohazalarini qo‘llab-quvvatlagan. Jumladan, Xolboyevning yozishicha, ip kalava eksportiga cheklov hamda ichki bozorda ip kalava sotishga soliq imtiyozlari berish «tayyor kiyim ishlab chiqaruvchilarni subsidiyalashdan boshqa narsa emas».

Uning ta’kidlashicha, ip kalava eksportiga qandaydir cheklov qo‘yilsa, ichki bozorda narx pasayadi va ip kalava ishlab chiqaruvchilarning potensial foydasi pasayishiga olib keladi. Ichki bozordagi narxning pasayishidan kiyim ishlab chiqaruvchilar manfaatdor. Bunda «davlat ip kalava ishlab chiqaruvchilarning cho‘ntagidagi potensial foydasini olib kiyim ishlab chiqaruvchilarning cho‘ntagiga solib qo‘yishi» bilan barobar.

«Ichki bozorga ip kalava sotishda soliq imtiyozlari berish ham huddi yuqoridagi kabi kiyim ishlab chiqaruvchilarni subsidiyalash hisoblanadi. Soliq imtiyozlari berishning yuqoridagi holatdan yagona farqi shundaki, endi subsidiyani davlat ip kalava ishlab chiqaruvchilar cho‘ntagidan emas balki soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan to‘lamoqda, xolos. Har ikki holatda ham bu kabi qarorlardan yagona manfaatdor tayyor kiyim ishlab chiqaruvchilar, yutqazayotganlar esa ip kalavani eksport qiluvchilar hamda oddiy xalq», — deya fikrini xulosalagan Mirkomil Xolboyev.