oktabr oyi boshida deputat Doniyor G‘aniyev Moliya vazirligiga ikkilamchi bozorda avtomobillarni sotish va xarid qilishda to‘lanadigan davlat boji va yig‘imlarning stavkalarini pasaytirish taklifi bilan murojaat yuborgan edi. Deputat avtomashina oldi-sotdisi uchun belgilangan yuqori boj va yig‘imlar bois aksariyat hollarda fuqarolar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishni chetlab o‘tib, uni ishonchnoma orqali rasmiylashtirishni ma’qul ko‘rayotganligi haqida yozgan edi.

Parlament a’zosining murojaatiga javoban Moliya vazirligi 2022 yilgi davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda avtomobillarni xarid qilishda to‘lanadigan yig‘imlarni bekor qilish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

«Bu sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarodan undiriladigan bir necha million so‘mlik to‘lov bekor bo‘lishini anglatadi», — deydi Doniyor G‘aniyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, javob xatida Moliya vazirligi va Adliya Vazirligi tomonidan avtomobil oldi-shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ham qayta ko‘rib chiqilganligi hamda ularni pasaytirish yuzasidan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilayotganligi ma’lum qilingan.

«Ko‘rinib turibdiki, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgarishlarni kiritish orqali 2022 yildan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlarini keskin kamaytirish va fuqarolarga yengillik yaratish ko‘zda tutilmoqda», — deya ta’kidladi deputat.

U avtomobillarni rasmiylashtirishdagi tranzaksional xarajatlarni kamayishi ikkilamchi bozorlarda avtomobillar oldi-sotdi ko‘lamini oshishiga va «ikkinchi qo‘l» avtomobillar narxini tushishiga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi.