«O‘zbekneftgaz» Jizzakh Petroleum kompaniyasi ta’sischilari safidan butunlay chiqdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlariga tayanib Spot nashri xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, tegishli qaror may oyida qabul qilingan, biroq u haqda 28 oktabr kuni ma’lum qilingan. Bungacha qo‘shma korxonaning 49 foiz ulushi «O‘zbekneftgaz»ga tegishli edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzakh Petroleum QK 2017 yil iyun oyida «O‘zbekneftegaz» va Gazprom International’ning sho‘ba korxonasi Gas Project Development Central Asia tomonidan tashkil etilgan. Dastlab O‘zbekiston tomoni 60 foiz, Rossiya tomoni 40 foiz ulushga ega edi.

Qayd etilishicha, 2019 yilda O‘zbekiston Jizzakh Petroleum’dagi ulushini kamaytirishni rejalashtirayotganligi ma’lum bo‘lgan edi. Korxonaning 30 foizi «O‘zbekneftgaz»ga, 70 foizi esa xorijiy investorlarga tegishli bo‘lishi taxmin qilingan edi.

4 iyun kuni Jizzakh Petroleum «Gazprombank» bilan yangi gaz-kimyo majmuasini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. MTO (metanoldan-olefinlar) texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyo majmuasini Buxoro viloyatida barpo etilishga qaror qilindi.