Oliy Majlisi Senati 21 oktabr kuni o‘tkazilgan 20 yalpi majlisda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘lari boshqaruvchilariga 2021 yilda 11,69 trln so‘mga (1,1 mlrd dollar atrofida) ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini oshirishni ma’qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Tasdiqlangan o‘zgartishlarga ko‘ra, Moliya vazirligining koronavirus pandemiyasi bilan kurashish va vaksina xarid qilish bilan bog‘liq joriy xarajatlari 3 trln so‘mdan 4,26 trln so‘mgacha, ya’ni 1,266 trln so‘mga ko‘paydi.

Biroq, 14 oktabr kuni (Senat majlisidan bir hafta oldin) aholi salomatligini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi parlament komissiyasining majlisida 1,3 trln so‘mdan 800 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgani aytilgan edi.

«Gazete.uz» parlament quyi palatasi saytida ham davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar muhokama qilinganligi borasidagi biror ma’lumotni topa olmadi. Tahririyat shuningdek, Senat va Qonunchilik palatalari matbuot xizmatlaridan ham izoh ololmadi.

Deputat Rasul Kusherbayev «Gazeta.uz» cavoliga javob berar ekan, budjet qonunchiligini buzishning shu kabi holatlari ilgari ham sodir etilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi 2020 yilda xalqaro institutlarning kreditlarini jalb qilib, ularni sarflagani va yil oxirida parlamentga tasdiqlash uchun taqdim etgan.

«Men o‘shanda ular nimaga bunday qilishganini so‘ragandim. Ahir, parlament bu qonun loyihasini rad etishi ham mumkin. Bunga javoban, ular pulni allaqachon sarflaganligi sababli rad eta olmasliklarini aytishdi. Bu ijro etuvchi hokimiyatning ayrim mas’ullari qonun chiqaruvchi organga tegishli tartabda hurmat ko‘rsatmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda», — dedi Rasul Kusherbayev.

Moliya vazirligi izohi

«Gazeta.uz» so‘roviga javob berar ekan Moliya vazirligi matbuot xizmati 2021 yilda koronavirus pandemiyasi bilan kurashish va vaksinalarni xarid qilish uchun respublika budjetida 3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilganini eslatdi.

budjet kodeksining 126 moddasiga (Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish) muvofiq, respublika budjetining qo‘shimcha manbalaridan qo‘shimcha ravishda koronavirusga qarshi kurashish chora-tadbirlariga 800 mlrd so‘m ajratilgan.

Ushbu qaror yoz oylarida koronavirus bilan kasallangan fuqarolar sonining keskin oshishi, shuningdek, COVID-19`ga qarshi tezkor chora-tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishni ta’minlash bilan bog‘liq.

Mablag‘lar quyidagi tartibda sarflangan:

  • 312,6 mlrd so‘m — koronavirus tarqalishining oldini olish tadbirlarida ishtirok etgan 43446 nafar tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlarga;
  • 66,5 mlrd so‘m — dori-darmonlar va dezinfeksiya vositalariga;
  • 300 mlrd so‘m — vaksinalar sotib olishga;
  • 22,3 mlrd so‘m — COVID-19`ni davolash muassasalarida bemorlarni issiq ovqat bilan ta’minlashga;
  • 29,9 mlrd so‘m — bir martalik individual himoya vositalari, test tizimlari, laboratoriya reagentlarini xarid qilishga;
  • 68,7 mlrd so‘m — 19 ta rentgen va 270 IVL (sun’iy nafas oldirish) apparatlari xaridiga.

Moliya vazirligida ta’kidlanishicha, budjet kodeksining 126 moddasiga asosan prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq, jami budjet xarajatlarining (148,9 trln so‘m) 3 foizidan ko‘p bo‘lmagan (4,5 trln so‘m) miqdorda foydalanishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalariga mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha choraklik hisobotlarni taqdim etishi zarur. Mazkur xarajatlar 3 foiz va undan ortgan taqdirda Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi.