O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 21 oktabr kuni o‘tkazilgan 20 yalpi majlisda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘lari boshqaruvchilariga 2021 yilda 11,69 trln so‘mga (1,1 mlrd dollar atrofida) ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini oshirishni ma’qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Tasdiqlangan o‘zgarishlarga ko‘ra, «boshqa tashkilotlar» budjeti 24,69 trln so‘mdan — 26,12 trln so‘mga, ya’ni jami 1,43 trln so‘mga (133,7 mln dollar) ko‘payadi. Senatning budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev ushbu mablag‘lar qo‘shimcha shtatlarni tashkil qilish, lavozimlar va oyliklarni oshirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hamda ayrim idoralarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Senat xabarida qayd etilishicha, mablag‘lar «mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlariga yo‘naltiriladi».

Erkin Gadoyev aniqlik kiritishicha, budjet xarajatlarining ortishiga qaramasdan yil yakuniga qadar daromadlar qo‘shimcha manbalar hisobiga 147,2 trln so‘mdan 173 trln so‘mgacha ortishi kutilmoqda.

Iyun oyida «Gazeta.uz» Senat davlat budjeti xarajatlarini 13,1 trln so‘mga (o‘sha vaqtda MB kursi bo‘yicha 1,2 mlrd dollar atrofida) oshirishni ma’qullagani haqida yozgandi. Shundan 1,12 trln so‘m mablag‘ kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarini moddiy ta’minlash, qo‘shimcha shtatlar ajratish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun sarflanishi aytilgandi.