dayjest

Prezident ijtimoiy soha vazirlari bilan yillik shartnomalar tuzish va ular uchun KPI belgilashni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga ijtimoiy soha vazirlari, shuningdek, ularning o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlari bilan bir yillik shartnomalar tuzish, ular uchun KPI belgilash bo‘yicha topshiriq berdi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim va fan sohalaridagi ahvol tanqid qilindi.


dayjest

O‘zbekistonning 6 ta viloyatida bir hafta davomida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi

6−12-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda haroratning o‘zgarishi sababli 6 ta viloyatning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi. 7−8-fevral kunlari esa Qamchiq dovonida qor yog‘ishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yog‘ingarchilik va tuman kuzatilishi, ko‘rinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi mumkin.


dayjest

Mahalla raisi maktabda tarbiya va davomat masalalari bilan qiziqmayapti — prezident

Shavkat Mirziyoyev mahalla raisi maktabda tarbiya va davomat masalalari hamda ota-onalar bilan hamkorlik qilishga qiziqmayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, hokimlar, yoshlar va ijtimoiy masalaga mas’ul o‘rinbosarlar maktabda ma’naviyat, sport tadbirlarini tashkil etishga e’tiborsiz bo‘layotganini qayd etdi.


dayjest

Hafta davomida harorat ko‘tarilib boradi

Hafta davomida harorat kechalari 0…+7, kunduzi +7…+17 darajagacha ko‘tarilib boradi. Chorshanba va payshanba kunlari aksariyat hududlarda yomg‘ir yog‘adi, qolgan kunlarda quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.


dayjest

Bloger Otabek Sattoriy qamoqdan ozod etildi

2021-yilning mayida 6,5 yilga qamalgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy sud ajrimi bilan qamoqdan ozod etildi. Unga belgilangan jazo axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilandi.


dayjest

“Biz har qanday import chekloviga qarshimiz. U bizga zarar” — Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahri sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev har qanday import cheklovi qo‘yilishiga qarshiligi, bunday choralar uning korxonalariga zarar ekanini ta’kidladi. “Biz to‘layotgan soliqlar ham, import uchun soliqlar ham „nol“ bo‘lsa, biz yutar ekanmiz, ko‘proq foyda topar ekanmiz”, — dedi u.


dayjest

“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident administratsiyasiga o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident administratsiyasi huzuriga o‘tkazilishi va xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi. Jamg‘arma hisobidan yoshlarni o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.


dayjest

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar 2023-yilda 3,5 mingta jinoyat sodir etdi

2023-yilda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar tomonidan 3500 ta jinoyatchilik qayd etildi. Ularning 2280 tasi maktab o‘quvchilari hisobiga to‘g‘ri keldi. Prezident maktablarda bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularning “jinoyatga qarshi immunitetini” shakllantirish tizimini yaratish muhimligini aytdi.


dayjest

Prezident: budjetdan mablag‘ ajratilsa-da, onkologik bemorlar dorilarni 10 barobar qimmat sotib olishga majbur

Prezident onkologik bemorlarga dorilar vaqtida yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan “o‘yinlar"ni tanqid qildi. “Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — dedi u. Davlat rahbari, shuningdek, dorilarning yashirin aylanmasiga yetarli chora ko‘rilmayotgani haqida ham gapirdi.


dayjest

Maktablarda yuqori sinf o‘quvchilariga ikkinchi xorijiy til o‘rgatiladi

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab 10−11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi. Shuningdek, xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


dayjest

Har bir ona va bola o‘limi “favqulodda holat” deb baholanadi — Shavkat Mirziyoyev

Prezident onalar va go‘daklar o‘limiga to‘xtalib, “Har bir ona va bola o‘limi „favqulodda holat“ deb baholanadi va so‘rov shunga yarasha bo‘ladi”, — dedi. Mirziyoyevning o‘tgan yilgi saylovoldi dasturida 2030-yilgacha bunday o‘limlarni kamida 2 barobarga qisqartirish reja qilingandi.


dayjest

Isroil qurilish ishlariga O‘zbekiston fuqarolarini yollamoqchi

Isroil G‘azo sektoridagi mojaroning kuchayishi ortidan ishchi kuchi tanqisligiga duch keldi. Rasmiylar qurilish sohasidagi falastinliklar o‘rnini O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lanka migrantlari hisobiga to‘ldirishni rejalashtirmoqda. Uchta davlatdan umumiy hisobda 65 ming ishchi kelishi kutilmoqda.


dayjest

Qozog‘istonda hukumat iste’foga chiqdi

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumatining iste’fosi qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hukumatning iste’foga chiqish sabablari haqida ma’lumot berilmagan. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib bungacha hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Roman Sklyar tayinlandi.


dayjest

Prezident ta’lim tizimidagi kamchiliklarni sanab o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev professional ta’limda mas’ul idoralar ko‘paygani uchun rivojlanish bo‘lmayotganini ta’kidladi. “Talabalar uchun oliygohlarda mustaqil ishlashga muhit yaxshi emas, ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmayapti”. Ba’zi chekka qishloqlarda esa bolalar bog‘chalarga to‘liq qamrab olinmagan.


dayjest

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkaziladi

Maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkaziladi. Yaqinda ularga qator qonunbuzarliklarni sodir etganlarga nisbatan jazo qo‘llash vakolati berilgandi.


dayjest

Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlar uchun tekin foydalanishga beriladi

Tadbirkorlar o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun maktabdagi bo‘sh joylardan tekin foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuziladi. “Maqsadimiz — maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”, — dedi prezident.


dayjest

Bilimni baholash agentligi abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanmoqda — prezident

Shavkat Mirziyoyev DTM Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etilsa-da, haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanayotganini aytdi. Endilikda professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholashning yangi tizimi joriy qilinadi.


dayjest

“DXSH asosida bog‘cha ochganlarning 1,5 mingdan ziyodi noqonuniy harakatlar sodir etgan” — Maktabgacha ta’lim agentligi

O‘zbekistonda 1,5 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida davlat budjetini o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Ayrim tadbirkorlar bunda maxsus dasturiy yoki apparat vositalaridan foydalangan. Ushbu holatlar bo‘yicha ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.


dayjest

Yerosti metro bekatlaridagi eski eskalatorlarni almashtirish ishlari boshlandi

10-fevraldan 20-martgacha Toshkent metrosining “Xalqlar do‘stligi” bekatidagi “Tashkent city” majmuasiga olib chiquvchi vestibyul yopiq bo‘ladi. Bu vaqtda muddatini o‘tab bo‘lgan eskalator yangisiga almashtiriladi.


dayjest

Rahmatulla Nazarov O‘zbekistonning Belarusdagi yangi elchisi bo‘ldi

O‘zbekistonning Belarusdagi yangi tayinlangan elchisi Rahmatulla Nazarov Minskda o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. U 2021-yildan buyon elchixona maslahatchisi, muvaqqat ishlar vakili sifatida ishlab kelayotgandi.


dayjest

Onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot joriy qilinadi

O‘zbekistonda onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu tajriba 1-maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.


dayjest

Texnikumlarda ham “kredit tizimi” bo‘ladi. U oliygohlarda tan olinadi

Yangi o‘quv yilidan kollej-texnikumning 1−2 kursida ta’lim tizimi va uni baholash oliygohlar bilan tenglashadi. Texnikumlarda ham oliygohlarda tan olinadigan “kredit tizimi” yaratiladi. 2 yil yetarli “kredit” to‘plaganlar “2+2” yoki “2+3” dasturi asosida OTMning 2 yoki 3-kurslarida ta’limni davom ettiradi.


dayjest

Prezident Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida yakka kurashdan boshqa sport turlaridan ham medallar kutmoqda

Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rishni tayinladi. “Bu yilgi yutuqlarni Tokiodagi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Natija tarixda eng yaxshisi bo‘lishi uchun hozirdan chora ko‘rish kerak”, dedi u.


dayjest

“Jinsiy tarbiyadan olabo‘ji yasamaslik kerak” — bolalar ombudsmani

O‘zbekistonda jinsiy tarbiya “bolaning tarbiyasi va axloqiy fazilatlariga qandaydir tarzda tahdid soladi”, degan fikr keng tarqalgan, dedi bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida. “Undan olabo‘ji yasamaslik kerak. Ma’rifat tahdid solishi mumkin emas”, — dedi u.


dayjest

Sherzod Salixov Chinoz tumani hokimi etib tayinlandi

Toshkent viloyati Chinoz tumaniga Sherzod Salixov hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.


dayjest

O‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin faoliyatini yakunladi

Tennischi Denis Istomin Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston-Polsha uchrashuvidan so‘ng professional sportdagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. U uch marta Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan, 2018-yilgi Osiyo o‘yinlarida oltin, Guanjou-2010 da 2 ta kumush va Incheon-2014 da bronza medalini qo‘lga kiritgan.