5-fevral kuni davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilishida sport sohasidagi holatni ham tilga olib, Sport vazirligiga va hokimliklarga topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda sportga qariyb 2 trln so‘m ajratilayotganini hisobga olib, uni ommalashtirish bo‘yicha tizim to‘liq va yuqori samara bilan ishlashi zarurligini ta’kidladi.

Uning ta’kidlashicha, hokimlar o‘zi musobaqalar tashkil qilib, yangi iqtidorlarni kashf qilishga yetarli e’tibor qaratmayotgani tufayli, hududlarda yaxshi sportchilar chetda qolib ketyapti.

Mahallalarni futbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi kabi sportning 12 ta ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, har oyda mahallalarda ommaviy sport tadbirlarini tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Sport vazirligiga va hokimliklarga yil davomida “sektor — tuman — viloyat — respublika” darajalarida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish topshirildi. Shuningdek, “Sport maktablari — sport kollejlari — sport federatsiyalari — oliy mahorat maktablari” zanjiri asosida doimiy sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari iyul-sentabr oylarida Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qattiq tayyorgarlik ko‘rish zarurligi aytib o‘tdi.

Bu yilgi yutuqlarni Tokio olimpiadasidagi kabi faqat yakka kurash sport turlari hisobidan qo‘lga kiritamiz, degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Olimpiya o‘yinlaridagi natijalar tariximizda eng yaxshisi bo‘lishi uchun zarur choralarni hozirdan ko‘rish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sport vazirligiga Parij-2024`ga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilar uchun 15 ta Olimpiya va Paralimpiya markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta sport bazalarida barcha sharoitlarni yaratish topshirildi.

Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari bilan birgalikda ularni chuqurlashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya jihatidan sifatli ta’minlash vazifasi qo‘yildi.