2024/2025 o‘quv yilidan O‘zbekistondagi texnikumlarda “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim komponentlarining uzviyligini ta’minlash uchun yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident va sohalar rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Unga ko‘ra, kollej-texnikumning 1−2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi. Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi.

Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin, deyiladi yig‘ilishda.

Shuningdek, prezident 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu ishlar, avvalo, to‘qimachilik, qurilish va qurilish materiallari, eltexsanoat, mashinasozlik yo‘nalishlarida boshlanadi.

Bundan buyon bilim va malakani baholash jarayonlari bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlarga o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim vazirligiga bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.

Davlat rahbari aniq va fundamental fanlar bo‘yicha ilg‘or darsliklarni xorijiy tillardan bosqichma-bosqich tarjima qilish kerakligini ham ta’kidladi.