Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev “Lolazor” podkastida elektrotexnika sanoatida importga cheklovlar joriy etish haqida gapirib, har qanday import cheklovi qo‘yilishiga qarshi ekanini, bunday choralar uning korxonalariga zararligini ta’kidladi.

“Bizning kompaniyaga qolsa, Artel, texnika masalasini olsak, biz har qanday import cheklovi qo‘yilishiga qarshimiz. U bizga zarar. Ochiqchasiga zarar keltiradi. Biz hisoblab chiqdik, to‘layotgan soliqlar ham, import uchun soliqlar ham „nol“ bo‘lsa, biz yutar ekanmiz, ko‘proq foyda topar ekanmiz”, — dedi u.

Tadbirkor soliqlar deganda aynan qaysilarini nazarda tutayotganiga ham izoh berdi.

“Masalan, QQS masalasini aytishingiz mumkin. QQS butun dunyoda bor. Men, masalan, 200 dollarlik muzlatkich ishlab chiqaraman. 200 dollarlik muzlatkichga 24 dollar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashimiz kerak. Lekin chetdan 197 dollarlik muzlatkich kirib kelyapti, 15 dollar invoys yozilyapti. U necha pul to‘layapti? 15 dollardan 12 foiz — 2 dollar to‘layapti. Men O‘zbekistonda ishlab chiqarib, 24 dollar soliq to‘layapman. U chetdan o‘sha muzlatkichni olib kelib, 2 dollar soliq to‘layapti. Men qanday qilib u bilan raqobatlashaman?” — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

“Biz teng huquqlarga asoslangan bozor [raqobatiga] tayyormiz”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.

Avval xabar berganimizdek, 25-dekabrda bo‘lib o‘tgan hukumat komissiyasining Jamshid Xodjayev boshchiligidagi 118-sonli yig‘ilishi bayonida (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud) elektrotexnika sohasida mamlakat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarorida nazarda tutilmagan qator chora-tadbirlar belgilangan.

Ularning ro‘yxatida maishiy texnika importi uchun o‘rtacha 10 foiz stavka bilan antidemping bojini joriy etish, mahsulotlarni eksport qilishda elektrotexnika korxonalari tomonidan “faktoring” va “valyuta kursini xedjirlash” xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish mexanizmi, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar va xomashyo import qilishda transport xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish va boshqa ko‘plab choralar mavjud.

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston elektrotexnika ishlab chiqaruvchilariga yillik 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar, 2027-yilgacha soliq imtiyozlari, marketing tadqiqotlari xarajatlarining bir qismini qoplab berish, davlat xaridlarida imtiyozlar va yana boshqa ko‘rinishdagi imtiyozlar ham beriladi.

Bundan tashqari, 1-fevraldan O‘zbekistonga muzlatkichlar, radiatorlar, changyutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va boshqa jihozlarni olib kirish uchun mamlakatda ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari yoki rasmiy dilerlarining bo‘lishi talab qilinadi. Shu bilan birga, ular servis xizmatlarini ko‘rsatishi ham talab etiladi.