Isroil hukumati mamlakatdagi qurilish ishlariga O‘zbekiston, Hindiston va Shri-Lanka fuqarolarini jalb qilmoqchi. Bu haqda Reuters`ga tayanib Spot nashri yozmoqda.

Rasmiylar xorijlik muhojirlardan foydalanib, so‘nggi oylarda sohada shakllangan ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etmoqchi. Hozirda qurilish maydonchalarida atigi 20 ming xorijlik ishlamoqda, shu sababli maydonlarning yarmida ishlar to‘xtatilgan.

Umumiy hisobda, uchta mamlakatdan 65 ming mehnat muhojirini jalb etish rejalashtirilgan. Isroil Uy-joy vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy ishchilarning birinchi guruhlari yaqin haftalarda kelishi kutilmoqda.

Yangi ishchilar qurilish obyektlarida kadrlar yetishmasligi muammosini hal qilishlari kerak. Hukumat aks holda, hatto ipoteka krediti stavkalari kamayib borayotgan sharoitda, mamlakatda uy-joy narxlarida o‘sish yuzaga kelishidan qo‘rqmoqda.

Yaqin vaqtgacha Isroil qurilish maydonlarida 72 mingga yaqin falastinlik ishlagan. Biroq oktabr oyida G‘azodagi mojaro avj ola boshlaganidan so‘ng, Isroil xavfsizlik idoralari ularning ishlash ruxsatnomalarini to‘xtatib qo‘ygan.

2022-yil yozida O‘zbekiston va Isroil hukumatlari o‘rtasida o‘zbekistonlik ishchilarni Isroil mehnat bozorining maxsus sektorlarida vaqtincha ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim imzolangandi.

Avvalroq, shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun Janubiy Koreyadagi ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohasida 37,4 mingta ish o‘rni uchun tanlov o‘tkazilishi xabar qilingandi. Taklif etilayotgan sohalarda oylik maosh o‘rtacha 2000−2500 ming AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda.