Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni yig‘ilishda kasalliklarni erta aniqlash, jumladan, kardiologiya, endokrinologiya va onkologiya skrininglarini tashkil etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2023-yili onkologiya kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlarning qariyb yarmida kasallik kech aniqlangan.

Joylarda dispanser nazoratida turgan, surunkali kasalligi bor aholini sog‘lomlashtirish ishlari yetarli emas. Umuman, viloyat va tuman tibbiyot idoralari profilaktika o‘rniga “odamlar qachon kasal bo‘lsa, shunda davolaymiz” deb, hali ham eskicha fikrlab yurgani tanqid qilindi.

Ta’kidlanishicha, xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan o‘tkazish tizimi o‘zgartiriladi.

Xususan, skrining uchun bevosita respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari javob beradi. Ular bir haftada joylarda skrining tekshiruvlarini o‘tkazishni boshlaydi. Shuningdek, onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi.

Bu tajriba 1-maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.