Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tarbiya va ma’naviyat maktablardagi og‘riqli masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot kotibi ma’lum qildi.

2023-yilda voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi.

So‘rov maktab direktoridan bo‘lyapti, lekin Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga mas’ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o‘quvchilarni sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmayapti, dedi prezident.

Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, prezident o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish bo‘yicha tizim qilish zarurligini ta’kidladi.

Keltirilishicha, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kasbga yo‘naltirish, tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rish muhim.

Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq. Maktablarda taniqli shoir va yozuvchilar, sportchilar, faxriylar, jamiyatda obro‘ga ega insonlar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirish lozim.

Qolaversa, bolalar tarbiyasini yaxshilashga, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va ta’lim muassasalariga yetkazib turish topshirildi.

Mutasaddilarga “maktab — ota-ona — mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushirish topshirildi.

Yoshlar o‘rtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarni tahlil qilib, ularning zararli ta’siridan himoyalash va ijobiy tomonidan foydalanish bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilarga sodda tilda qo‘llanmalar yaratish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, maktabga moslashish va kitobni sevishga o‘rgatish, yaxshi xulqli bo‘lish, atrofidagilar bilan muloqot qilishni o‘rganish va bilim olishga kuchli ishtiyoqni shakllantirish, kasb tanlash, jamiyatga moslashish, katta hayotga qadam qo‘yishda farzandlarga qanday yo‘l-yo‘riq berish zarur, degan savollar yuzasidan ota-onalar uchun xalqchil tilda materiallar tayyorlanadi.

“Yuqorida aytilgan tashabbuslar amaliyotda yo‘lga qo‘yilsa, ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.