Salixov Sherzod Abduhakimovich Chinoz tumani hokimi etib tayinlandi, deya xabar qildi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Sherzod Salixov 1982-yili Toshkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 2004-yili Toshkent davlat pedagogika universiteti, 2017-yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasini tamomlagan. U mehnat faoliyatini Toshkent tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi shirkat xo‘jaligida ishchi vazifasida boshlagan.

Shuningdek, faoliyati davomida u “Abduhakim baraka” fermer xo‘jaligi rahbari, Zangiota tumani “Navoiy mirishkor” agrofirmasi rahbari, Toshkent tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari singari mas’ul vazifalarda ishlagan.

Tayinlovga qadar Sherzod Salixov Toshkent tumani hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.

Tumanning avvalgi hokim Botir Alimbekov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi.