Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi. Bu haqda 5-fevral kuni prezident ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Maktablarda o‘rgatish mumkin bo‘lgan 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, har biri bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi joriy etiladi.

Tadbirkorlar, usta va mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quvchilarning qiziqishidan kelib chiqib kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, kasb to‘garaklari tashkil etiladi. O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘quvchilarga malaka sertifikati beriladi.

“Maqsadimiz — maktab bitiruvchisi hech bo‘lmaganda bitta kasbni egallab katta hayotga qadam qo‘ysin”, — dedi davlat rahbari.

Kasb-hunar kurslarni tashkil qilgan tadbirkorlarga soliq va boshqa bir qator imtiyozlar beriladi.