Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda onkologik bemorlarga dorilar yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan “o‘yinlar”ni tanqid qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin, bu dorilar ayrim hollarda joylarga o‘z vaqtida, to‘liq yetkazib berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, budjetdan yetarli mablag‘ ajratilmoqda. Oqibatda ba’zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur, deya qayd etdi prezident.

“Mana — farmatsevtikadagi o‘yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qo‘lda sotuvchilarni, umuman barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, jazo muqarrarligini ta’minlashni topshirdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov. Foto: Prezident matbuot xizmati.Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib o‘rnatish, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni “buyurtmachi — xaridor — yetkazib beruvchi — bemor” zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonda farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollariga yetgani ta’kidlandi. Lekin, bu bozorda mahalliy mahsulotlar ulushi fizik hajmda 40−45 foiz bo‘lsa-da, pul qiymatida 20 foizdan oshmaydi.

“Oddiy qilib aytganda, o‘zimizda ishlab chiqarish bint, spirt, shprits, analgin va sitramondan nariga o‘tmayapti”, — deya prezidentning so‘zlarini keltirdi Sherzod Asadov.

Dorilarni yashirin aylanmasi bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayapti. Dori vositalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Ayniqsa, antibiotik qabul qilish ustidan nazorat umuman yo‘q. Protokollarga amal qilmasdan, „pul ishlash“ uchun farm-kompaniyalar foydasiga retsept yozilyapti”, — dedi davlat rahbari.

“Bundan xalqimizni sog‘lig‘i ham, cho‘ntagi ham zarar ko‘ryapti”, — deya qayd etdi u.