Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi.

Qayd etilishicha, soha uchun mas’ul 13 ta vazirlik va idora hamda 223 nafar hokim o‘rinbosarlari bor. Lekin ta’lim, tibbiyot, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalaridagi islohotlarning joylardagi ijrosini ta’minlashda kamchiliklar yo‘q emas, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda maktabgacha va maktab ta’limida erishilgan katta o‘zgarishlar bilan bir qatorda bog‘cha bilan maktab, maktab bilan kollej va oliygoh o‘rtasida uzviylik yetarli darajada emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalla raisi maktabda tarbiya va davomat masalalari, ota-onalar bilan hamkorlik qilish bilan qiziqmasa, tuman hokimlari, yoshlar va ijtimoiy masalaga mas’ul o‘rinbosarlari maktabda ma’naviyat va sport tadbirlarini tashkil etishga e’tiborsiz bo‘lmoqda, — dedi davlat rahbari.

Xabarda ta’kidlanishicha, maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi o‘rinbosarlar shu muammolar tufayli tayinlandi. Ularning oldiga ta’lim, tarbiya va ma’naviyat bo‘yicha maktablarga yangi muhit olib kirish vazifasi qo‘yildi.