Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident administratsiyasi huzuriga o‘tkazilishi va xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Yig‘ilishda jamg‘arma faoliyatini faollashtirish lozimligi, xorijga ketgan talabalarning bor-yo‘g‘i 9 foizi muhandislik yoki texnologiyalar yo‘nalishida ekani qayd etildi.

Endilikda jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.

Videoselektorda, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116 ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash topshirildi.

Jamg‘arma haqida

“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2018-yilda tashkil etilgan. Quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari sanaladi:

  • xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi materiallar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qo‘llash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish;
  • davlat organlarining kadrlar bo‘yicha xizmatlari tomonidan foydalanilishi va onlayn tarzda izlash amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan jahon mamlakatlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kataloglashtirilgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reyestri (ma’lumotlar bazasi)ni yaratish va yuritish;
  • xorijiy olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislar, shu jumladan vatandoshlarni ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish;
  • ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida ishlayotgan vatandoshlar orasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha ularning g‘oya va fikrlarini to‘plash, umumlashtirish va tegishli tashkilotlarga yetkazish, shuningdek, to‘plangan materiallarni tayyorlash va tarqatishning samarali tizimini yaratish;
  • xorijda O‘zbekistonning ijobiy imidjini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli ta’lim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish;
  • jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalaridagi istiqbolli mutaxassislarni, shu jumladan pedagoglar va ilmiy kadrlarni tanlab olish hamda tayyorlashni tashkil etish;
  • nufuzli xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda istiqbolli mutaxassislarni o‘qishini monitoring qilish, ularning O‘zbekistonda munosib ishga joylashishiga ko‘maklashish, ushbu mutaxassislarning mehnat faoliyatini monitoring qilish, ularning kasbiy jihatdan o‘sishiga va mansab pillapoyalarida ko‘tarilishiga ko‘maklashish;
  • mamlakatdagi hamda xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, vatanadoshlarning O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning borishiga oid tahliliy materiallari chop etiladigan jurnallar, ilmiy to‘plamlarni tayyorlash va keng tarqatish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda kadrlarni xorijda tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish borasidagi ishlar holatini monitoring qilish hamda ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularni hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish.